Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) nomiga Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumanida yashovchi 84 nafar fuqarolarning erga egalik huquqlarini himoya qilish bo`yicha murojaati kelib tushgan edi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, 2018 yil VMning “Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumani Sijjak qishlog`ida joylashgan “Qaynarsoy” qarorgohida tutashgan hududlarning arxitektura qurilishini tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qaroriga asosan 130 nafar fuqarolarga Bo`stonliq tuman hokimining 2018 yil 18 iyuldagi 1827-sonli qarori bilan “Sarbog`” va “Nanay” mahalla fuqarolar yig`ini hududidagi tuman zahira erlari tarkibidan jami 12.0 gektar sug`oriladigan yakka tartibda uy-joy qurish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan (har bir uy-joyi buzulishga tushgan fuqaroga 0.06 gektardan) er maydonlari ajratib berilishi belgilan edi. Tuman hokimining mazkur qarori 2019 yilda Toshkent viloyati hokimining qarori bilan tasdiqlangan. Ammo...
Murojaatda ko`rsatilishicha, 2020 yil 10 iyulda Toshkent viloyati Bo`stonliq tumani hokimining 1697-sonli qarori qabul qilinib, bu bilan 2018 yil 18 iyuldagi 1827-sonli tuman hokimining qarori bekor qilingan va shu bilan birga fuqarolarga ajratilgan umumiy maydoni 12 ga erdan foydalanish huquqi cheklab qo`yilgan. Shundan so`ng, mazkur holat yuzasidan bir guruh fuqarolar tomonidan ma`muriy ishlar bo`yicha Nurafshon tumanlararo sudiga da`vo arizasi kiritilgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili ushbu murojaatga ilova qilingan barcha hujjatlarni o`rganib, o`zining Xulosasini taqdim etdi. Sud tomonidan 2021 yil 15 aprel kuni sayyor sud majlisi o`tkazildi. Unda ariza qanoatlantirilib, Bo`stonliq tuman hokimining 2020 yil 10 iyulda 1697-sonli qarorini bekor qilish to`g`risida qarori qabul qilindi.






