Navoiy viloyatida o`zining nomidagi 5 ta MChJ orqali kredit mablag`larini talon-toroj qilgan shaxs aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro J.M. o`zining rahbarligi va ta`sischiligi ostida 5 ta MChJni tashkil qilib, bank mansabdor shaxslari bilan oldindan til biriktirib, mol-mulklarni sun`iy oshirilgan narxda garovga qo`yib, AT “Xalq bank” Navoiy shahar filialidan 2 ta holatda 2,9 mlrd so`m, ATB “Mikrokreditbank” Karmana tuman filialidan 500 mln so`m jami 3,4 mlrd so`m kredit mablag`ini ajratilishiga erishib, shundan 2,4 mlrd so`mini o`zi rahbarligidagi MChJlar orqali bank kassalaridan naqd pul shaklida va korporativ kartaga tushirib olib, o`zining shaxsiy manfaatlari yo`lida sarflab talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Shuningdek, J.M. faoliyati davomida jami 668 mln so`mga savdo majmuasi hamda “Lacetti”, “Damas” rusumli avtotransport vositalarini xarid qilib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarini legallashtirgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish), 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






