AsosiyJamiyat

"Hasan Normuradov jonkuyar inson edi". Senat yalpi majlisida vafot etgan senator xotirlandi

'"Hasan Normuradov jonkuyar inson edi". Senat yalpi majlisida vafot etgan senator xotirlandi'ning rasmi

Xabar berilganidek, bugun, 24 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n to`rtinchi yalpi majlisining ikkinchi ish kuni bo`lib o`tmoqda.

Kun tartibidagi masalalarga o`tishdan avval Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva jamoat arbobi, O`zbekiston Qahramoni, senator Hasan Norbekovich Normuradovning vafot etgani to`g`risidagi xabar barchani chuqur qayg`uga solganini ta`kidlab, hamdardlik bildirdi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar qildi.

– Hasan Norbekovich uzoq yillar jamiyat va davlat hayotining turli yo`nalishlarida halol mehnat qilib, el-yurt hurmatini qozongan fidoyi va jonkuyar inson edi, – dedi Senat Raisi T.Narbaeva. – Hasan aka bilan birga ishlash nasib qilgan har bir inson, shu jumladan, o`zim ham, u kishining kamtarlik, samimiylik va qat`iyatlik fazilatlariga havas qilar edik. Ayniqsa, Xasan Norbekovich so`nggi yillarda davlatimiz rahbari  tomonidan olib borilayotgan islohotlarni Samarqand viloyatida bekamu-ko`st amalga oshirishda, mahallalarda barqaror ma`naviy-ma`rifiy muhitni qaror toptirishda viloyat nuroniylariga etakchilik qilib kelganliklari tahsinga sazovor.

Yaqinda Samarqandga tashrif chog`ida Prezidentimiz ham u kishining holidan xabar olib, davlat va jamoat oldidagi ko`p yillik mehnatlarini samimiy e`tirof etib, hurmat-ehtirom ko`rsatgan edilar.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xasan Norbekovich Normuradovning oila a`zolari va yaqinlariga, qolaversa, butun Samarqand jamoatchiligiga chuqur hamdardlik izhor etadi!

    Boshqa yangiliklar