AOKAda o`tkazilgan matbuot anjumanida «O`zsuvta`minot» AJ mutasaddisi shaharlar aholisini oqova suv bilan qamrash darajasi oshirilishi haqida ma`lumot berdi. Bu haqda "Darakchi" muxbiri xabar berdi.
Berilgan ma`lumotlarga ko`ra, bugungi kunda respublikada istiqomat qilayotgan 34,2 million aholidan 5,9 millioni yoki 17,2 foizi oqova suv xizmatlari bilan ta`minlangan. Mavjud 58 ta oqova suv tozalash inshootining loyiha bo`yicha sutkalik quvvati 3,6 million metr kubni tashkil etadi. Hozirda sutkasiga iste`molchilar tomonidan kanalizasiya tarmoqlariga tashlangan 2,7 million metr kub oqova suvlar tozalanmoqda.
Bundan tashqari, Prezidentning 2020 yil 25 sentyabrdagi 6074-sonli farmoniga asosan, 2021–2025 yillarda respublika va viloyatlarga bo`ysunuvchi 32 ta shaharda jami 1035,4 million AQSh dollari miqdoridagi mablag`lar hisobidan kunlik quvvati 3386,0 ming kub metr bo`lgan oqova suv tozalash inshootlari va 3605,7 kilometr oqova suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Mazkur qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilishi natijasida shaharlar aholisining oqova suv xizmatlari bilan qamralganlik darajasi 57,8 foizdan 87 foizga oshadi.
Shuningdek, 2021–2025 yillarda 155 ta tuman markazlarida jami 1652,9 million AQSh dollari hisobidan kunlik quvvati 719,5 ming kub metr bo`lgan oqova suv tozalash inshootlari va 4070,5 kilometr oqova suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.






