Avvalroq, Yaponiyada o`zbekistonlik talaba cho`kayotgan o`smirni qutqarib qolgani haqida xabar bergan edik.
Yaponiyada tahsil olayotgan o`zbekistonlik talaba Eldor O`rinboev «Dunyo» AA muxbiri bilan onlayn shaklda suhbatlashdi.
– Men Jizzax viloyatida 2000 yilda tug`ilganman, – dedi u. – Hozir Okinava prefekturasidagi Ginovan shahrida til maktabida tahsil olayapman. Darslardan bo`sh paytimizda do`stim bilan dengiz sohili bo`yiga aylanishga borgan edik. Suzish taqiqlangan joyda bir yapon bolasi cho`kayotganini ko`rib qolib, darhol unga yordam berishga oshiqdim va uni qutqarishga erishdim. Hozir o`spirinning ahvoli joyida, u hech qanday zarar ko`rmadi.
U boladan kimligini so`raganimda, tik-toker ekani ma`lum bo`ldi. O`zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga video tasvir qo`yish maqsadida dengizga o`zini otgan ekan. Lekin dengiz suvining sovuqligi va suzish qiyinligi uchun vaziyatni boshqara olmagan.
Tengdoshlarimga ijtimoiy tarmoqlarda layk to`plash uchun o`z hayotini xavfga qo`yib, bunday ishlarni qilmasligini maslahat bergan bo`lardim. Bunday noxush voqealardan, ayniqsa, ota-onalarimiz qattiq jabr ko`radi.
Men Yaponiyada o`qishni davom ettirib turizm sohasida etuk mutaxassis bo`lishni orzu qilayapman. Kelajakda ushbu yo`nalishda O`zbekiston va Yaponiya aloqalarining rivojlanishiga o`z hissamni qo`shish niyatidaman.
O`zbekiston echixonasi ma`lumotiga ko`ra, ushbu voqea haqida xabar tezlik bilan butun Yaponiya bo`ylab tarqaldi. Yaponiyalik ko`plab kishilar ijtimoiy tarmoqlarda yurtdoshimizning qahramonligini e`tirof etib, o`z minnatdorligini izhor qildi.