Davlat soliq qo`mitasi va uning tarkibiy bo`linmalari xodimlari Birlashgan kasaba uyushmasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Kusherbaev Rasul Xidralievich ustidan Fuqarolik ishlari bo`yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga da`vo arizasi kiritdi. Bu haqda qo`mita rasmiy saytida e`lon qilingan.
Bunga R.Kusherbaevning «HUMAN UZ» axborot portalidagi “So`z blogerlarga” ko`rsatuvining 2021 yil 23 fevraldagi sonida aytgan haqoratomuz so`zlari sabab bo`lgan.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining deputatlik odobi qoidalari 22-bandida, deputat ommaviy axborot vositalarida chiqishda davlat organlari va boshqa organlarning faoliyatiga munosabat bildirganda, ularning sha`ni va qadr-qimmatiga putur etkazadigan qo`pol, haqoratomuz ibora va so`zlarni qo`llashga, asossiz ayblovlarga yo`l qo`yishga haqli emasligi, agar deputatning bayonotida shunday fikrlar mavjud bo`lsa deputat o`z fikrlarining yanglishligi yoki noto`g`riligini oshkora tan olishi va kechirim so`rashi kerakligi belgilangan.
Yuqoridagilarga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 99, 100, 1021 va 1022-moddalari hamda Fuqarolik prosessual kodeksining 33, 189 va 191-moddalariga asosan javobgar Kusherbaev Rasul Xidralievich davlat soliq xizmati organlari ishchanlik obro`siga putur etkazuvchi ma`lumotlariga nisbatan ommaviy axborot vositalari orqali raddiya berishi hamda kechirim so`rashi lozim.
Shuningdek, javobgar xatti-harakatlari orqali soliq organlariga 4,6 mlrd. so`m miqdorida ma`naviy zarar etkazgan. Ushbu ma`naviy zarar undirilgach, “Mahalla” xayriya jamoat fondi huzuridagi “Saxovat va ko`mak” jamg`armasiga o`tkaziladi.