Oliy Majlis Senati Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Davlat soliq qo`mitasiga kitob savdosi korxonalariga qo`shilgan qiymat solig`i bo`yicha tabaqalashtirilgan stavkalarni qo`llash, shuningdek, sohani manzilli subsidiyalar orqali qo`llab-quvvatlash yuzasidan so`rov yuborildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabar berdi.
Kitob ishlab chiqarish sohasining, ya`ni noshirlar va bosmaxonalar uchun soliq imtiyozlarining bekor qilinishi, ularga nisbatan qo`shilgan qiymat solig`ining qo`llanishi aksariyat ishlab chiqaruvchilarni rasmiy faoliyat yuritishdan chetlashib, o`g`rincha (kontrafakt) mahsulotlar ishlab chiqarishga “undamoqda”. Natijada “yashirin iqtisodiyot” rivojlanib, qonuniy faoliyat yuritayotganlarning salmog`i kamayib bormoqda, ya`ni sohada iqtisodiy nosog`lom muhit tarkib topmoqda.
Shu o`rinda soha vakillaridan kelgan murojaatlarda kitob ishlab chiqarishga nisbatan tabaqalashtirilgan qo`shilgan qiymat solig`i stavkasini qo`llash taklif etilmoqda. Jumladan, kitob ishlab chiqarish sanoatiga umumiyga nisbatan Rossiya Federasiyasida 50 foiz, Germaniyada 36 foiz, Fransiyada 28 foiz, Buyuk Britaniyada esa “nol” foiz qo`shilgan qiymat solig`i stavkasi qo`llanilishi ta`kidlangan. Ya`ni, mazkur davlatlarda kitob ishlab chiqarish sohasi uchun qo`shilgan qiymat solig`i stavkasi kamida ikki barobarga pasaytirilgan.