Oliy sud Matbuot xizmati firibgarlik bilan pul topishni kasb qilgan ayollar haqida xabar qildi.
Qiziltepalik Gulhayo Buzrukova (ismi-shariflar o`zgartirildi) dugonasi Komila Jamilovaga Humoyun ismli yigit bilan tanishtirib qo`yishga va`da beradi. Tengqur dugonalari turmush qurib ketayotgani bois Komila ham bunga qarshilik qilmaydi. Shundan so`ng «Humoyun» Kamolaga qo`ng`iroq qiladi.
Ular qariyb ikki oy mobaynida g`oyibona «ishqiy» munosabatda bo`lishadi.
Oxir-oqibat ish shu darajaga borib etadiki, kunlarning birida «Humoyun» «suyuklisi»ning yalang`och suratini «Telegram» ijtimoiy tarmog`idagi manziliga yuborishni so`raydi. U buni bo`lajak «umr yo`ldoshi» tanasidagi kichikkina nuqson ham kelgusidagi oilaviy turmushga raxna solishi mumkinligi va bu hol yuz bermasligi uchun uning sog`lomligini o`z ko`zi bilan ko`rib, keyin uylanish istagi bilan izohlaydi. Es-hushidan ayrilgan Komila uning talabini biroz og`rinib qabul qilgan bo`lsa-da, jismi nuqsondan xoli ekanini isbotlash uchun bunga rozilik bildiradi. Ammo shundan so`ng voqealar rivoji boshqacha tus oladi. Aniqrog`i, Gulhayo Komilani maishiy buzuqlikda ayblay boshlaydi. U Komilaning «Humoyun»ga jo`natgan suratini ota-onasi, yaqinlari ko`rib qolsa, uning oqibati nihoyatda yomon bo`lishi haqida ogohlantiradi. Komila Gulhayoga yalinib-yolvorib, surat bilan bog`liq sirni hech kimga oshkor etmaslikni iltimos qiladi.
Bunday ohangdagi o`tinchlardan so`ng Gulhayo shashtidan tushadi. Biroq o`rtaga ancha og`ir shart qo`yadi. U sir sirligicha qolishi uchun Komiladan 3 700 AQSh dollari va 20 million so`mlik tilla taqinchoqlarni talab qiladi. Komila sha`nini saqlash uchun Gulhayoning shartiga rozi bo`ladi. Lekin talab qilingan miqdordagi pul va ota-onasi qo`lida saqlanayotgan taqinchoqlarini Gulhayoga berishning ilojini topolmaydi. Ammo keyinchalik Gulhayoning qistovlari jonidan o`tgach, Komila kech bo`lsa-da, o`zini qo`lga oladi.
Boshidan kechirgan voqealarni o`z yaqinlariga ma`lum qilgach, ularning maslahati bilan huquqni himoya qiluvchi idoraga murojaat etadi. Tezkor tadbir rejasiga asosan Gulhayo Komiladan 200 AQSh dollarini olganda qo`lga olindi. Tergov chog`ida Gulhayoning makri fosh etildi. Ma`lum bo`lishicha, Gulhayo zamonaviy aloqa texnologiyasi yordamida g`arazli maqsadni amalga oshirmoqchi bo`lgan ekan. Aslida u Komilaga mobil qo`l telefoni yordamida ovozni o`zgartirgan holda o`zini «Humoyun» sifatida tanishtirgan. Komila esa, bunday makr tuzog`iga darhol ilingan. Hayotda hech qanday «Humoyun» degan yigit bo`lmagan.
Shu kabi yana bir firibgarlik holati fosh etildi.
Jizzaxlik Gulmira Suyarova ham hiyla-makr yo`li bilan mo`may daromad topmoqchi bo`ldi. U ikki yil muqaddam buxorolik Ahror Rashidov (ism-shariflar o`zgartirilgan) bilan pinhona ishqiy munosabatlarga kirishdi.
Gulmira oilasidan ajrashgach, Ahrorning taklifiga binoan Buxoro shahridagi ijara uyida yashay boshladi. Oilali Ahror unga mo`maygina pul berib tursa-da, bu Gulmirani qanoatlantirmadi. U Ahrorga «ishqiy munoasbatlar chog`ida kasallik orttirgani»ni ma`lum qilib, uni davolash uchun katta miqdorda pul so`radi. Ammo Ahror buncha pulni berolmasligini aytgach, oradagi sirni uning oila a`zolariga oshkor etishi bilan tahdid qildi. Sobiq «suyuklisi»ning bunday tahdidli iddaolaridan bezgan Ahror huquqni muhofaza qiluvchi idoraga Gulmiraning tovlamachiligi yuzasidan ariza yozdi. Shunga asosan Gulmira Ahrordan 3 million so`mni olayotganda qo`lga olindi.
Tergov va sud muhokamasida makr yordamida mo`may daromad olishni ko`zlagan ayollarning jinoiy kirdikorlari to`liq fosh etildi.
Sud tovlamachilik jinoyatini sodir etgan Gulhayo Buzrukovanining aybini Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «b» bandi, Gulmira Suyarovaning qilmishini mazkur moddaning 1-qismi bilan malakaladi. Gulhayo Buzrukova 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. G. Suyarovaga esa, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Shu tariqa aqlini yovuz maqsadga xizmat qildirgan kimsalar qilmishiga yarasha qonuniy jazolandi. Ular o`zlari qazigan chohga qulashdi.






