Avval xabar qilganimizdek, 28 aprel kuni soat 17: 50larda Toshkent metropolitenining Chilonzor yo`nalishidagi "Milliy bog`" va "Novza" stansiyalari oralig`ida texnik sabablarga ko`ra bitta harakat tarkibi to`xtab qoldi. "Toshkent metropoliteni" UK mazkur holat yuzasidan tekshiruv o`tkazdi.
Tekshiruv natijalariga ko`ra, Chilonzor yo`nalishida "Buyuk ipak yo`li" — "5-bekat" yo`nalishi bo`yicha harakatlanayotgan poezd mashinisti "Milliy bog`" va "Novza" bekatlari oralig`ida salbiy vaziyatni oldini olish maqsadida favqulodda to`xtashni amalga oshirdi.
Uning so`zlariga ko`ra, poezd harakatlanayotgan paytda oldindagi yo`lda kontakt relslarni quvvatlovchi tokopriyomnikda uchqun chiqayotganini ko`rib qolgan. Ko`rsatma (instruksiya) talablariga binoan, mashinist poezdning harakatini to`xtatishga qaror qiladi, chunki ushbu vaziyatda harakatni davom ettirish mumkin emas. Mashinist bu haqda tezkorlik bilan dispetcherga xabar berdi, yo`nalishdagi xarakat tarkiblarni elektr ta`minotdan uzildi va shundan so`nggina barcha yo`lovchilar poezddan "Novza" bekatigacha evakuasiya qilindi.
Eslatib o`tamiz, bu hodisa ortidan Chilonzor yo`nalishidagi poezdlar cheklangan rejimida harakatlangan, ya`ni alohida tunnel uchastkalarida bitta yo`nalish bo`ylab. Shu kunning o`zida barcha nosozliklar bartaraf etildi va kechadan barcha poezdlar belgilangan harakat jadvaliga muvofiq harakatlana boshladi, deyiladi "Toshkent metropoliteni" UK Matbuot xizmati xabarida.
Eslatib o`tamiz, so`nggi vaqtlarda Toshkent metrosi bilan bog`liq tenik holatlarning ko`paygani sabab Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi metropoliten xizmatlari xususidagi holatlarni nazoratga olishini ma`lum qildi.






