AsosiyJamiyat

Farg`ona jamoat salomatligi tibbiyot institutiga rektor tayinlandi

'Farg`ona jamoat salomatligi tibbiyot institutiga rektor tayinlandi'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko`ra, Sidikov Akmal Abdikaxarovich Farg`ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining rektori etib tayinlandi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi  Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi. 

34 yoshli tibbiyot fanlari doktori Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universitetini tamomlagan. U Evropa dermatologiya va venerologiya akademiyasi (EADV) va Evropa dermatologik tadqiqotlar jamiyati (ESDR) a`zosidir.

Bundan tashqari, yosh olim 80 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi va hammuallifi, shu jumladan, dermatologiya sohasida 6 ta ixtiro, 5 ta o`quv-uslubiy qo`llanma, bitta federal klinik tavsiyanoma, 3 ta monografiya va 4 ta qo`llanma muallifi hisoblanadi.

Akmal Sidikov Toshkent davlat stomatologiya instituti kafedra mudiri, Toshkent shahar bosh dermatovenerologi hamda Sog`liqni saqlash vazirligining Fanni rivojlantirish bo`limi boshlig`i lavozimlarida ishlagan.

Tayinlovdan avval esa A. Sidikov Sog`liqni saqlash vazirligining Dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasini tartibga solish va muruvvat yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig`i lavozimida faoliyat yuritgan.

Eslatib o`tamiz, Farg`onadagi mazkur institut Prezidentimizning 2020 yil 3 dekabrdagi “Farg`ona jamoat salomatligi tibbiyot institutini tashkil etish to`g`risida”gi qaroriga asosan Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg`ona filiali negizida tashkil etib, viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi ushbu oliy o`quv yurtining klinik bazasi etib belgilangan.

 

 

    Boshqa yangiliklar