Ijtimoiy tarmoqlarda "Mersedes Benz LF" rusumidagi yo`lovchi tashuvchi avtobus bekat yonida turgan ikki piyodani urib yuborgani aks etgan video tarqaldi.
"Toshshahartransxizmat" AJ Axborot xizmatining rasmiy ma`lumotiga ko`ra, hodisa joriy yilning 28 aprel kuni soat 13:45 atrofida, 86-sonli yo`nalishda harakatlanuvchi haydovchi avtobusni THAY ko`chasi bo`ylab boshqarib borayotgan vaqtda sodir bo`lgan. Yurak qon tomir jarrohlik klinikasi bekatida avtobusga nisbatan oldinda ketayotgan transport vositasi keskin to`xtab qolishi natijasida avtobusni o`ngga burgan va bekat yonida turgan 2 ta piyodani turtib yuborishi natijasida Yo`l transport hodisasi sodir etgan.
Ma`lum qilinishicha, holat yuzasidan, "Toshshahartransxizmat" Aksiyadorlik jamiyatining “Yo`lovchi transportida harakat xavfsizligini nazorat etish boshqarmasi” xodimlari tomonidan tezkor surishtiruv tadbirlari o`tkazildi. Tezkor tadbir natijasida mazkur avtobus "12-Avtobus saroyi" MChJ tasarrufidagi, saroy raqami 594 bo`lgan, 86-sonli yo`nalishda harakatlanuvchi "Mersedes Benz LF" rusumli avtobus haydovchisi M.A ekanligi aniqlandi.
Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, jabrlanuvchi piyodalar N.D va O.L larga yo`l-transport hodisasi oqibatida engil tan jaroxati etkazilgan va 16-Tez tibbiy yordam ko`rsatish shifoxonasiga etkazilib,tez tibbiy yordam ko`rsatilgan. Ayni paytda jabrlanuvchi piyodalarning ahvoli yahshi ekanligi aytilmoqda.
Hozirda ushbu huquqbuzarlikni amalga oshirgan avtobus haydovchisi M.Aga nisbatan O`zbekiston Respublikasi ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 133-moddasi alomatlari mavjudligini inobatga olib, ma`muriy ish qo`zg`atilgan hamda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






