Xorijdagi vatandoshlar va O`zbekiston hayotiga qiziqqan chet ellik fuqarolar «Siz O`zbekistonni bilasizmi?» xalqaro onlayn-viktorinasio`tkazilmoqda. Bu haqda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari qo`mitasi ma`lum qildi.
Tanlovni o`tkazishdan asosiy maqsad – xorijda Vatanimiz tarixi, madaniy-ma`naviy merosi, umumbashariy sivilizasiya va ilm-fan taraqqiyotiga qo`shgan hissasini keng targ`ib etish, vatandoshlarimiz va chet el fuqarolarini yangi O`zbekistonda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, bag`rikenglik va millatlararo totuvlik g`oyasiga asoslangan islohotlar samarasi bilan yaqindan tanishtirishdan iborat.
Onlayn viktorinaning birinchi bosqichi joriy yilning 20 — 30 may kunlari 13 ta xorijiy mamlakatlar xususan: Belgiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Finlyandiya, Fransiya va Estoniya davlatlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlar hamda chet el fuqarolari o`rtasida tashkil etiladi. Har bir mamlakatdan birinchi o`rinni egallagan ishtirokchilar O`zbekistonning tarixiy shaharlariga 10 kunlik sayohat hamda esdalik sovg`alari bilan mukofotlanadi. Keyingi 2-10 o`rinlarni egallagan ishtirokchilar ham qimmatbaho esdalik sovg`alari bilan taqdirlanadi.
Viktorina haqidagi batafsil ma`lumotni www.vatandoshlarfondi.uz veb-sayti hamda tanlovda ishtirok etishi ko`zda tutilgan vatandoshlar istiqomat qilayotgan xorijiy davlatlardagi mamlakatimizning diplomatik vakolatxonalari veb saytlari, shuningdek ularning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridan olishingiz mumkin.






