1

Navoiy kon metallurgiya kombinatining ishchisi firibgarlik bilan qo`lga tushdi

Jinoyat 03.05.2021, 13:57
Navoiy kon metallurgiya kombinatining ishchisi firibgarlik bilan qo`lga tushdi

29 yoshli Azim Yarashev (ismi sharifi o`zgartirilgan) “Navoiy kon metallurgiya kombinati” davlat korxonasi Markaziy kon boshqarmasiga qarashli “Auminzo-Amantoy” konida mehnat qiladi. U o`zining biror-bir shaxsni ishga qabul qilish yoki ishdan bo`shatish vakolati yo`qligini bilsa-da, aldash yo`li bilan o`zganing mulkini qo`lga kiritish maqsadida fuqaro Xurshid Bobonazarovga tanishlari orqali o`zi ishlab kelayotgan konga ishga kiritishni va`da beradi. Bu haqda Navoiy viloyat sudi bosh konsultanti Aziza Ro`zieva O`zA xabar berdi.

U Xurshidga ishga joylashish uchun boshqa shaxslarga pora tariqasida pul berilishi lozimligini aytib, uni pora berishga da`vat qiladi.

Aldash yo`li bilan Xurshiddan 2020 yil may oyining o`rtalaridan iyun oyining oxiriga qadar jami 1 mln. 200 ming so`m miqdorida pullarni firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritgan Azim bu pullarni o`zining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuboradi.

Xurshidning ishi bitmagach, u Azimdan pullarni qaytarishni talab qila boshlaganida, firibgar vaziyatdan chiqib ketish payiga tushib qoladi. U Xurshidni tanishlari orqali o`zi ishlab kelayotgan konga ishga kiritish haqidagi aldovlariga ishontirish chorasi sifatida boshqa bir jinoyatga qo`l uradi. “Auminzo-Amantoy” konidagi naryad topshiriqlarini tarqatish xonasida hech kim yo`qligidan foydalanib, o`zi bilan konda elektr qurilmalarini ta`mirlash va ularga xizmat ko`rsatish bo`yicha elektromontyor bo`lib ishlab kelayotgan Ikrom bilan “Auminzo-Amantoy” koni boshlig`i o`rtasida tuzilgan mehnat shartnomasini noqonuniy ravishda qo`lga kiritadi. Mazkur mehnat shartnomasiga texnik shikastlar etkazib, shartnomada “xodim” deb ko`rsatilgan “Ikromov Asad” yozuvi o`rniga kompyuterda chop etilgan qog`oz bo`lagidagi “Bobonazarov Xurshid” yozuvini yopishtirgan holda ishlash huquqini beruvchi mehnat shartnomasini qasddan qalbakilashtiradi.

O`ylamay tashlangan qadami ortidan Azim tergov organi tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning bir qator moddalari bilan ayblanib, ish mazmunan ko`rish uchun sudga yuborildi.

Sud majlisida Azim sodir etgan jinoyatiga to`liq iqror bo`ldi, qilgan ishidan pushaymonligi, uni kechirishlarini so`radi.

Har kim sodir etgan jinoyati uchun qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi muqarrar ekan, sud tomonidan uning yoshligi, oilali ekanligi, qaramog`ida voyaga etmagan farzandlari borligi, Xurshidga etkazilgan zarar to`liq qoplanganligi inobatga olinib, Azimga 2 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Qing`ir ishning qiyig`i qirq yilda ham chiqishi aniq, lekin Azimning qilmishi hech qancha vaqt o`tmay fosh bo`ldi. Jinoyat esa jazosiz qolmasligi yana bir bor isbotini topdi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1