1 may kuni “Xalqlar do`stligi” san`at saroyining old tomonida “Xor tureskogo i soprano” jamoasi tomonidan “G`alaba qo`shiqlari” kuylanib, konsert dasturi namoyish etilgan edi.
Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda ushbu konsert davomida tomoshabinlar orasida kimlarningdir qizil bayroq ko`targani holati aks etgan suratlar keng tarqalib, keskin muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Mazkur vaziyatga Madaniyat vazirligi quyidagicha munosabat bildirdi:
"Mixail Tureskiy musiqa xoldingi tomonidan 2018-2019 yillar davomida 14ta davlatda konsert dasturlari namoyishi o`tkazilgan. 2020 yilda ham pandemiyaga qaramay Evropaning 13ta davlatida konsert dasturlari tashkil etilgan.
Shuningdek, joriy yilning 30 aprel kuni Dushanbe hamda 2 may kuni Bishkek shaharlarida ham xalqlar va millatlar o`rtasidagi hamdo`stlik, madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadiga yo`naltirilgan musiqiy dasturlarni taqdim etgan.
Madaniyat vazirligi ushbu konsert dasturining O`zbekistonda o`tkazilishida hamkor hisoblanib, faqat sahnadagi jarayonlarga javobgarlikni o`z zimmasiga olgan. Ya`ni ishtirokchilarning sahnada o`zini tutishi, milliy urf-odat va an`analarga zid bo`lmagan musiqiy dasturlar taqdim etilishini nazorat qilib, namoyishning badiiy saviyasi, etukligiga javobgar hisoblanadi.
Lekin bugun har birimiz milliyligimiz, tilimiz, madaniyatimiz, urf-odat va an`analarimiz targ`iboti yo`lida xizmat qilar ekanmiz, buni keng ommaga majburlab yoki keskin tanqid ruhida emas, balki o`zimiz namuna ko`rsatgan holda etkazishimiz lozim deb bilamiz. Bunga shu yurtning har bir farzandini mas`ul deb hisoblaymiz", - deyiladi rasmiy munosabatda.
Mavzuga doir:






