O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assosiasiyasi (O`zEOAVMA), «MY5» telekanali, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondining mablag`larini boshqarish bo`yicha parlament komissiyasi, YuNESKO ishlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi, Jurnalistika va ommaviy axborot vositalari universiteti, O`zbekiston kinematografiya agentligi va O`zbekiston Yoshlar ittifoqi hamkorligida joriy yilning 3-7 may kunlari 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni munosabati bilan “Yangi O`zbekiston – yangi nigoh” shiori ostida media-haftalik bo`lib o`tadi.
Bugun, mazkur tadbirning ikkinchi kunida «Yoshlar Media studiyalari» loyihasining iste`dodli yoshlar uchun mo`ljallangan seminarlari davom etadi. Unda «Yangi O`zbekiston – yangi media. Muvaffaqiyat sirlari» mavzusida mamlakatning taniqli jurnalistlari va ommaviy axborot vositalari mutaxassislari ishtirokida ochiq muloqotlar, rossiyalik taniqli teleboshlovchi va hujjatli kino ustasi Valdis Pelsh tomonidan bir guruh yosh jurnalistlar uchun trening o`tkaziladi.
Kechki dasturda O`zbekiston kinematografiya agentligi "Yoshlar ijodiy-tajriba studiyasi" DUK tomonidan Yoshlar assosiasiyasini tashkil etishda "Yo`l xaritasi"ni tuzish bo`yicha muhokamalar bo`lib o`tadi.
Shuningdek, taniqli estrada yulduzlari ishtirokida shou-konsert dasturi o`tkaziladi.






