Bugun, 4 may kuni jinoyat ishlari bo`yicha Muzrabot tuman sudida bloger Otabek Sattoriy ishi bo`yicha sudning so`nggi muhokamasi bo`lib o`tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Sud ishida qatnashayotgan prokuror Sattoriyga 5 ta ish bo`yicha ayblov qo`yilganini bildirib, unga 11 yil qamoq jazosi berishni so`ragan.
Prokuror, shuningdek, Otabek Sattoriyga qo`yilgan 8 ta ayblovdan uchtasini rad etish, beshtasi bo`yicha uni aybdor deb topishni so`radi.
Sattoriyni aybdor deb topish so`ralayotgan birinchi ayblov – go`yoki uning Termizda uy-joy qurish bilan shug`ullangan MChJ rahbari To`lqin Shopo`latovga bosim o`tkazib, tovlamachilik bilan 700 million so`mdan oshiqqa narxlangan ikkita kvartirani olgani holati bo`yicha. Prokurorning bildirishicha, u aslida Termiz shahrida «snos»ga tushgan onasi va singlisining nomida bo`lgan uy uchun 234 million so`m yoki shunga teng bo`lgan mulk olishi lozim bo`lgan.
Ikkinchi ayblov – Denov tumani FHDYo bo`limi sobiq mudirasi Nasiba Norboevaning qadr-qimmatini erga uradigan va obro`sizlantiradigan haqoratli so`zlar aytilgan videolavhani internetda tarqatganlik holati. Sattoriy o`z videolavhasida Nasiba Norboevani poraxo`r deb atagan. Prokurorning bildirilishicha, Nasiba Norboevaning poraxo`rligi surishtiruvlarda o`z isbotini topmagan.
Uchinchi ayblov – viloyat gaz idorasi xodimlariga nisbatan qilgan tovlamachilik.
To`rtinchi ayblov – Sherobod tumanida joylashgan «Chinora Gul baraka» dehqon bozori rahbari Lochin To`raevdan narxi ancha arzon bo`lgan «Redmi 5» telefoni o`rniga 5 million so`mdan oshiqroq bo`lgan «Vivo 50» telefonini tovlamachilik yo`li bilan olganlik holati.
Beshinchi ayblov – Termiz shahrida joylashgan onkologiya markazining rahbari bilan bog`liq ish. Prokurorning aytishicha, Sattoriy onkologiya rahbarining qadr-qimmatini erga uruvchi tuhmat gaplar aytilgan videolavhani internetda tarqatgan.
Prokurorning fikricha, Otabek Sattoriy o`ziga qo`yilayotgan ayblovlarni tan olmagani va jarlanuvchilarga etkazilgan zararni qoplab bermagani uchun uning ishida engillashtiruvchi holatlar yo`q deb hisoblanishi lozim.
Davlat ayblovchisi Jinoyat kodeksining 33-moddasi talablariga asosan, Otabek Sattoriyni JKning 165-moddasi 3-qismi «a» bandi, 139-moddasi 3-qismi «a», «g» bandlari bilan aybdor deb topish; 165-modda 3-qismi «a» bandi bilan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash, 139-moddasi 3-bandi «a», «g» qismlari bilan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlashni so`radi.
Prokuror Otabek Sattoriyga nisbatan JKning 59- va 61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan 11 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishini so`radi.
Bundan tashqari, prokuror bitta 2 xonali va yana bitta 3 xonali kvartirani Otabek Sattoriyga berish haqidagi ayblanuvchi va tadbirkor To`lqin Shopo`latov o`rtasida 2020 yil iyun oyida tuzilgan shartnomani haqiqiy emas deb topib, bekor qilishni va kvartiralarni tadbirkorga qaytarishni so`radi.
Sud muhokamasi davom etmoqda.