Xodimlarning ish haqidan majburiy ushlanmalar (mol-mulk, er solig`i va boshqa to`lovlar) olib qolish holatlari yuzasidan Xalq ta`limi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
So`nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda o`qituvchilardan majburiy ravishda rozilik xati yozdirib, mol-mulk, er, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soliqlari mahalliy byudjetlarga o`tkazib kelinayotganligi holatlari yuzasidan murojaatlar e`lon qilinmoqda.
Shularni inobatga olgan holda Xalq ta`limi vazirligi xodimlarning ish haqi to`lovlaridan ushlanmalar (mol-mulk, er solig`i va boshqa to`lovlar)ni ularning yozma roziligisiz amalga oshirilmasligini, bu kabi xatlarni majburiy ravishda yozdirish holatlari yuz bergan taqdirda o`qituvchilardan o`z huquqlarini himoya qilishlarini so`rab qoladi.
Mas`ul xodimlar tomonidan bu kabi holatlarga yo`l qo`yilganligi aniqlangan taqdirda ular bilan mehnat shartnomasini amaldagi mehnat qonunchiligiga muvofiq ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi haqida ogohlantiramiz.
Bu kabi holatlar bo`yicha xalq ta`limi bo`linmalari birinchi rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanib, mas`uliyatsizlikka yo`l qo`yish holatlari takrorlangan taqdirda mazkur rahbarlarga nisbatan o`rnatilgan tartibda intizomiy jazo choralari qo`llaniladi hamda mehnat shartnomasi bekor qilinishini eslatib o`tamiz.
Siz faoliyat yuritayotgan maktabda bu kabi holatlarga yo`l qo`yilgan taqdirda vazirlikning 71 202 09 09 Ishonch raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
Shu o`rinda soliqlarni o`z vaqtida to`lash har bir fuqaroning qonuniy burchi ekanligini eslatib o`tamiz.






