Laylatul Qadr – “belgilash kechasi”, ya`ni yil davomida qilinadigan turli amallar, topiladigan rizq, bir so`z bilan aytganda taqdirlar belgilanadigan kechadir.
Bu kecha «... ming oydan yaxshiroqdir» (Qadr surasi, 3-oyat).
1000 oy – 83 yilga teng.
83 yil – 30295 kunga teng.
Laylatul Qadr kechasi qachon bo`ladi? Abul Oliya roziyallohu anhu aytadilar: “Bir a`robiy Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, “Qadr kechasi qachon bo`ladi?” deb so`radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning ilk va eng so`nggi hamda toq kechalaridan izlanglar!” dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazon oyining oxirgi o`n kunligidan qidiringlar”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslom rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qadr kechasi borasida: “U 27-yoki 29-kechadir. Ushbu kecha erda farishtalar soni mayda toshlardan ham ko`p bo`ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Bu kechaning qanday alomatlari bor? Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U ochiq, issiq ham, sovuq ham bo`lmagan kecha. Uning tongida quyosh qizg`ish, zaif bo`lib chiqadi”, dedilar (Ibn Xuzayma rivoyati).
Bu kecha Alloh taoloning amri bilan farishtalar erga tushib, tong otguncha insonlar haqiga duo qiladi. Qur`oni karimda bunday deyiladi: “U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorlarining izni bilan (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar (rejasi) bilan (osmondan erga) tusharlar. U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir” (Qadr surasi, 4–5-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kechani qanday o`tkazar edilar? Oysha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi o`n kunligi kelsa, kechalari uxlamasdilar va uydagilarni ham ibodat qilishga uyg`otar edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslom rivoyati).
Bu kecha qanday amallarni ado etish lozim?
- Xufton va bomdod namozlarini jamoat bilan o`qing. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim xufton namozini jamoat bilan o`qisa, go`yo kechaning yarmini bedor o`tkazibdi. Kim bamdod namozini jamoat ila ado qilsa, go`yo kechaning barchasida namoz o`qibdi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
- Duo qiling. Oisha onamiz roziyallohu anho: “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo`lsam nima deb duo qilay?” deb so`radilar.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu duoni o`qishni aytdilar:
اللَّهُمَّ إِنَّكَ عَفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي
"Allohumma innaka a`fuvvun kariymun tuhibbul a`fva fa`fu a`nniy"
"Allohim, albatta, Sen kechirguvchisan, kechirishni yaxshi ko`rasan. Gunohlarimni kechirgin" (Imom Termiziy rivoyati).
Muhimi, bu kechani ibodat, zikr, tilovat, xayru ehson va boshqa yaxshi amallar bilan o`tkazish lozim.
Bu kecha gunohlar mag`firat etiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o`tkazsa, uning shu kechagacha sodir etgan barcha gunohlari mag`firat qilinadi”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati)
Alloh taolo bu oyda xolis niyatlar bilan tutayotgan ro`zalarimizni, kechalari qoim bo`lib ado etayotgan taroveh namozlarimizni va xatmu Qur`onlarimizni O`zining lutfu karami ila qabul qilsin. O`zi duolarni ijobat qiluvchi va gunohlarni mag`firat qiluvchi Zotdir.
Manba: muslim.uz






