AsosiyJamiyat

Hech qachon frontda jon berayotgan otalarimiz ko`z o`ngidan Kreml yoki Stalin gavdalanmagan — Alisher Qodirov

'Hech qachon frontda jon berayotgan otalarimiz ko`z o`ngidan Kreml yoki Stalin gavdalanmagan — Alisher Qodirov'ning rasmi

O`zbekistonda o`zbekofobiya bordek. Ushbu taxminni bildirayotgan deputat Alisher Qodirovni ijtimoiy tarmoqlarda rus va rus tilida yozuvchilardagi betoqatlik, yuqoridan qarash va nafrat xavotirga solmoqda. Bu borada u o`zining ayrim mulohazalri bilan o`rtoqlashdi:

"Biz barcha boshqa millatli vatandoshlarimizni hurmat qilamiz. Qanchalar ko`p millatli bo`lmaylik mamlakatimizning nomi O`zbekiston va bu erda o`zbeklar ham ko`pchilikda (!) yashaydilar. Boshqa millatli vatandoshlarning huquqlari Konstitusiyadan boshlab, aloqador barcha qonunlarda himoya qilingan. Lekin nega ular o`zbeklar va o`zbek qadriyatlari haqida gapirilsa ayuhannos soladilar? O`zbeklarni o`z yurtida rivojlanishi haqida gapirishdan tabiiyroq nima bo`lishi mumkin? Nega bu millatchilik, boshqa millatlarni kamsitish deb baholanmoqda!?

Tarixni hech kim rad etmaydi, etolmaydi ham. Biz mustamlaka yurt bo`lganmiz. Ziyolilarimizni shu tizim qirg`in qildi, oqko`ngil ajdodlarimizni darbadar qildi. O`zimizning pulga o`zimizni manqurtlashtirdi. Lekin faqat bizmi? Sovet qamoqxonasi faqat o`zbeklardan iborat bo`lmagan, unda yuzlab millatlar qatorida ruslar ham asir bo`lganlar. Nega SSSRga hurmatsizlik Rossiyaga yoki rus millatiga hurmatsizlik deb talqin qilinmoqda? Rossiya Federasiyasi bizni tabiiy hamkorimiz va biz u bilan hamkorlik qilishdan manfaatdormiz.

Otalarimizni ikkinchi jahon urushda ishtirok etganligi tarixiy fakt. Biz dunyo xalqlari qatorida fashizmga qarshi kurashgan xalqmiz. Bu g`alabada so`zsiz bizni katta hissamiz bor. Lekin hech qachon frontda jon berayotgan otalarimiz ko`z o`ngidan Kreml yoki Stalin gavdalanmagan. So`nggi daqiqalarida onasi, oilasi va ona Vatani bo`lgan O`zbekistonni o`ylaganligiga aslo shubha yo`q. Bu erda so`z o`yiniga hech qanday o`rin yo`q. Buyuk O`zbek xalqi fashizmni engishda qahramonlik ko`rsatgan. Biz ularni doimo ulug`laymiz.

Albatta men ham shu davlatda yashaganman. Lekin e`tiqodim, tilim, tarixim, millatim tahqirlanib yashaganman. Qamoqxonada ham ovqat berishadi, keyintirishadi, o`qitishadi. Qul ham sog`lom va savodli bo`lishi kerak. Farzandlarimizni shunday kamsitilmasligi uchun, ularni emin-erkin, o`z qadriyatlariga tayanib, o`z yurtida yashashlarini ta`minlash uchun hamma narsaga tayyor bo`lishimiz kerak.  

Muammolarni ro`kach qilib og`zimizga urayotganlarga, o`sha davr va o`sha davlat tarbiyalagan korrupsionerlar, loqaydlar va boqimandalarning hisobiga O`zbekiston qaddini ko`tarishi qiyin bo`layapdi. Shuning uchun oldimizdagi eng ustuvor masala qullik va boqimandalik psixologiyasidan qutilgan avlodni shakllantirishdan iborat bo`lishi kerak.

Buni faqat birgalikda qilishimiz mumkin. Tushunganlar jarayonda ishtirok etsin, tushunishni istamayotganlar ham tushunmaslikka haqlilar. Lekin fikr bildirishda provokasiya, haqorat, tuhmat va bo`htonlardan tiyilish kerak.  

Mendan fashist yasamang! Men o`zbek halqini qaddini rostlashini xohlayman, xolos. Bironta boshqa millatli vatandoshlar huquqini buzadigan ish qilayotgan bo`lsam, marhamat, ko`rsating, muhokamalarga doimo ochiqman. Adolat va to`g`ri so`z oldida bo`ynim sochning tolasidek.  

Niyatimiz xolis, maqsadlarimiz ezgu.  

O`zbekistonni qadrlaydiganlar doimo qadrlidir. O`zbekistonga xiyonat qiladiganlarning esa millati qiziqmas, qonun ham jamiyat ham bundaylarga murosasiz va beshafqat bo`lishi kerak.

Millatimizdan qat`iy nazar, hammamiz O`zbekiston uchun - O`zbekiston bayrog`i ostida birlashishimiz kerak", deya yozib qoldirgan Qodirov.

    Boshqa yangiliklar