AsosiyJamiyat

AQShdan Orolbo`yi mintaqasiga gumanitar yuklarning birinchi partiyasi yuborildi

'AQShdan Orolbo`yi mintaqasiga gumanitar yuklarning birinchi partiyasi yuborildi'ning rasmi

Elchi Javlon Vahobov boshchiligida o`zbek diplomatlari Vashington shtatining Sietl shahrida Qoraqalpog`iston aholisi uchun Amerikaning «Project C.U.R.E.»  kompaniyasi tomonidan  tashkil etilgan  xayriya loyihasi doirasida birinchi gumanitar yordamni yuborish marosimida qatnashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Elchixona ma`lumotiga ko`ra, tadbirda «Boeing» kompaniyasi vise-prezidenti Monta Freyzer, «Project C.U.R.E.» nodavlat tashkiloti prezidenti Duglas Jekson va ushbu NNTning xorijiy hukumatlar bilan ishlash bo`yicha direktori Melisa Esposti ishtirok etdi.

Mazkur tadbir Qoraqalpog`istonga gumanitar yordam tashkil qilish doirasida «Project C.U.R.E.» va «Boeing» bilan hamkorlikda ushtirildi. Yuk tarkibini qiymati 3 million dollarlik tibbiyot buyumlari va jihozlari, sun`iy shamollatish moslamalarini o`z ichiga olgan 40 futlik o`nta konteyner tashkil qildi. Kelishuvlar 2019 yilda elchixona rahbari va «Project C.U.R.E.»  prezidenti Duglas Jekson bilan tashkilotning Vest-Gruve (Pensilvaniya) va Xyuston (Texas) shaharlaridagi omborlariga tashrif  chog`ida erishilgan edi.

Qoraqalpog`iston sog`liqni saqlash vazirligi so`roviga binoan «Project C.U.R.E.» tomonidan Sietlda shakllantirilgan gumanitar yukning birinchi jo`natmasi qariyb 6 tonnaga teng. Ushbu yukni Kanzas-sitidan Sietlga (3 ming kilometr) Pensilvaniya shtatidagi o`zbeklar diasporasi faollaridan biri, logistika kompaniyasi asoschisi Ahmadjon Odilov beg`araz amalga oshirdi. Bundan tashqari, AQShdagi vatandoshlar tomonidan asos solingan «Give to Get International» xayriya tashkiloti ko`magida mustaqil ekspertlarning Qoraqalpog`istondagi tibbiyot muassasalarining ehtiyojlarini baholash bo`yicha xarajatlari to`landi.

«Boeing» vise-prezidenti Monta Freyzer o`z so`zida kompaniya rahbariyati so`nggi 25 yil ichida «Uzbekistan airways» bilan yaqin hamkorlik o`rnatgani va O`zbekistonning aviasiya sohasini rivojlantirishdagi yutuqlarini yuqori baholashini ta`kidladi.

«Biz  Qoraqalpog`istonga gumanitar yukning birinchi partiyasini «Dreamliner» samolyotida  yuborish tadbirida ishtirok etayotganimizdan juda xursandmiz, - dedi Monta Freyzer. – Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi bilan bog`liq bugungi sinovli vaqtda ushbu xayriya tadbiriga ulush qshayotganimizdan mamnunmiz». «Boeing» vakili ushbu tadbir amerikalik samolyot ishlab chiqaruvchi, notijorat tashkilot va elchixona o`rtasidagi muvaffaqiyatli davlat-xususiy hamkorligiga yaqqol misol bo`lishini ta`kidladi.

Monta Freyzer «Boeing»ning O`zbekiston bilan strategik hamkorlikni davom ettirishga sodiqligini tasdiqlagan holda «Project C.U.R.E.»  loyihasiga  100 ming dollar miqdoridagi chek topshirdi.  Ushbu mablag` Orolbo`yi aholisi uchun navbatdagi gumanitar yordamni etkazishni moliyalashtirish uchun ishlatiladi.

«Project C.U.R.E.» prezidenti Duglas Jekson Qoraqalpog`istondagi tibbiyot muassasalariga gumanitar yordamning birinchi partiyasini etkazib berish bo`yicha erishilgan natijalardan mamnun ekanini ta`kidladi.

O`z navbatida, elchi Orol dengizi hududi aholisiga ko`rsatilayotgan xayriya yordami uchun «Boeing» va «Project C.U.R.E.» kompaniyalariga minnatdorlik bildirdi.

Gumanitar yordam Sietldan Toshkentga «Uzbekistan Airways» AJ uchun «Boeing» zavodida ishlab chiqarilgan ettita so`nggi  yangi «Dreamliner» samolyotidan biri  orqali etkazib beriladi. 5 may kuni esa beg`araz ko`mak Toshkentdan Nukus shahriga etkaziladi. Tibbiy jihozlar bilan ta`minlangan navbatdagi to`rtta konteynerdagi insonparvarlik yuki yoz fasli oxiriga qadar Orolbo`yi mintaqasiga yuboriladi.

    Boshqa yangiliklar