Bugun, 5 may kuni Buxoro shahar hokimligida navbatdan tashqari sessiya yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar qildi.
Yig`ilishda viloyat hokimi Botir Zaripov hamda viloyat faollari ishtirok etdi.
Kengash yig`ilishida tashkiliy masala ko`rib chiqildi. 2020 yildan shu paytga qadar Madaniyat vazirining birinchi o`rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan Jamol Nosirov Shuxratovich Buxoro shahar hokimi lavozimiga tayinlandi.
Ma`lumot o`rnida, Jamol Nosirov 1985 yil 12 iyunda Buxoro shahrida tavallud topgan. 2005 yili Buxoro davlat universitetining jismoniy madaniyat va jismoniy tarbiya o`qituvchisi, psixolog mutaxassisligi bo`yicha tamomlagan. 2008 yili esa universitetning magistraturasini tugatgan.
Bir muddat “Kamolot” YoIH Buxoro viloyat Kengashi raisi lavozimida ham mehnat qilgan.
Shundan so`ng 27-Jilvon saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputat etib saylangan edi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-Demokratik partiyasining fraksiyasi a`zosi bo`lgan.
2017 yildan 2020 yilga qadar Buxoro viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Jamol Nosirov 2020 yil 22 apreldan buyon Madaniyat vazirining birinchi o`rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi.






