AsosiyJamiyat

Tashqi ishlar vazirligi OAV vakillari uchun brifing o`tkazdi

'Tashqi ishlar vazirligi OAV vakillari uchun brifing o`tkazdi'ning rasmi

Bugun O`zbekiston tashqi ishlar vazirining axborot siyosati bo`yicha maslahatchisi, matbuot kotibi va TIV rasmiy vakili Yusuf Qobuljonov mahalliy va xorijiy OAV vakillari uchun brifing o`tkazdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining Axborot xizmati ma`lum qildi.

Yusuf Qobuljonov Tashqi ishlar vazirligida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan o`zaro hamkorlikni faollashtirish borasida izchil rejalar ishlab chiqilayotganini ma`lum qildi.

«Mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida axborot sohasini rivojlantirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta`minlash hamda ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo`llab-quvvatlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Sizlar bilan uchrashuvimiz ham mazkur islohotlar natijasiga mos keladi», dedi Yu.Qobuljonov.

Brifingda Tashqi ishlar vazirligi tomonidan  joriy yil yanvar-aprel oylarida bajarilgan keng ko`lamli ishlar, bo`lajak tadbirlarga doir ma`lumot jurnalistlar e`tiboriga havola qilindi.

Jumladan, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O`zbekiston manfaatlarini ilgari surish, o`zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va respublikaning dunyo miqyosidagi obro`-e`tiborini mustahkamlash maqsadida xorijiy sheriklar bilan faol ravishda uchrashuvlar va muzokaralar o`tkazgani ta`kidlandi. Hisobot davrida vazirlik delegasiyalarining xorijiy davlatlarga 28 ta tashrifi tashkil etilgan. Xorijiy davlatlardan kelgan 26 ta delegasiya vakillari bilan uchrashuvlar o`tkazilgan, videokonferensiya va telefon orqali muloqot shakllariida 25 ta muzokara uyushtirilgan.

Ko`p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish doirasida Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashi, «Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni» forumi yig`ilishlarida, Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh tashqi siyosat idoralari rahbarlarining «S5+1» shaklidagi uchrashuvida ishtirok etdi.

Belarus, Jazoir, Latviya, Polsha, Portugaliya, Rossiya, Fransiya, Xitoy, Shvesiya, Eron va Qatar tashqi siyosat mahkamalari bilan maslahatlashuvlarning navbatdagi davralari o`tkazildi.

BMTning Bolalar fondi (YuNISEF) va Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda COVAX mexanizmi doirasida respublikaga 660 ming doza hajmidagi COVID-19ga qarshi vaksinaning olib kelinishi masalasi ishlab chiqildi.

Qayd etilishicha, xalqaro hamkorlikning normativ-huquqiy bazasini kengaytirish borasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, joriy yil yanvar-aprel oylarida vazirlik ishtirokida 56 ta ikki tomonlama hujjat imzolangan. Shu kunga qadar 5 ta ikki va 3 ta ko`ptomonlama hujjat kuchga kirdi.

- Faol iqtisodiy diplomatiyani amalga oshirish vazirlik va diplomatiya vakolatxonalarimiz faoliyatining ustuvor yo`nalishlaridan biri hisoblanadi, - dedi Yu.Qobuljonov. - Vazirlik va barcha diplomatiya vakolatxonalarining faol sa`y-harakatlari sohaga aloqador, mintaqaviy korxonalarning yaqin hamkorligi samarasi o`laroq, umumiy qiymati 314,5 million dollarga teng 367 ta yangi eksport shartnomasi imzolandi. Natijada hisobot davridagi eksport hajmi 2020 yilning ayni davriga nisbatan 32 foizga o`sib, 2 milliard 250 million dollarni tashkil etdi.

Brifingda eksport nomenklaturasi va geografiyasini kengaytirish bo`yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida 10 apreldan boshlab O`zbekistonga Evropa Ittifoqining«GSP+» tizimi benefisiar davlati maqomi berilganiga alohida e`tibor qaratildi. Mamlakatimizning Jahon savdo tashkiloti safiga qo`shilishi borasida faol ishlar olib borilayotgani  ma`lum qilindi.

Jumladan, transport yo`laklari, Janubiy Osiyodagi yangi bozorlar va dengiz portlarga chiqish yo`llarini diversifikasiya qilish doirasida «Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar» transafg`on temir yo`li loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Ta`kidlanishicha, konsullik-huquqiy yo`nalish bo`yicha ham katta ishlar amalga oshirildi.  6 ming 673 nafar O`zbekiston fuqarosiga xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirilgan. Xorijda qiyin ahvolga tushib qolgan 1 ming 934 nafar O`zbekiston fuqarosiga ko`mak, xususan, konsullik-huquqiy yordami ko`rsatildi. Xorijdagi 884 nafar fuqaro moliyaviy yordam olgan.

Vazirlik tomonidan xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni o`rnatish, O`zbekistonda amalga oshirilayotgan muhim sosial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni qo`llab-quvvatlash uchun ularning imkoniyatlarini jalb qilish bo`yicha faol ishlar olib borilmoqda. O`zbekiston taraqqiyotiga o`z hissasini qo`shish imkoniyatiga ega 484 nafar vatandoshlarimizni o`z ichiga olgan «Oltin daftar» shakllantirildi.

Tadbir chog`ida tashqi ishlar vazirligi va O`zbekistonning xorijdagi diplomatiya vakolatxonalariga fuqarolardan 68 ming 296 ta murojaat kelib tushgani ma`lum qilindi. Ta`kidlanganidek, ularning hech biri e`tibordan chetda qolmagan. Shu bilan birga, 30 mingdan ziyod chet el fuqarosi uchun mamlakatimizga kirish vizalari rasmiylashtirilgan.

Brifing yakunida Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili ommaviy axborot vositalari xodimlarini qiziqtirgan savollarga javob berdi.  

    Boshqa yangiliklar