AsosiyJamiyat

O`rta tibbiyot xodimlari uchun 20 mingta yangi ish o`rni tashkil etiladi

'O`rta tibbiyot xodimlari uchun 20 mingta yangi ish o`rni tashkil etiladi'ning rasmi

Prezidentimizning “Sog`liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to`g`risida”gi Farmoniga ko`ra, o`rta tibbiyot xodimlari uchun yangi ish o`rinlari yaratiladi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi  Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Mazkur hujjatda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda “tibbiyot brigadalari” faoliyatini yo`lga qo`yish, shuningdek, tuman va shahar ko`p tarmoqli markaziy poliklinikalar tomonidan aholiga yanada sifatli tibbiy xizmatlar ko`rsatish qamrovini kengaytirish maqsadida o`rta tibbiyot xodimlari uchun 2021 yil 1 iyuldan boshlab 10 mingta, 2022 yil 1 yanvardan esa yana qo`shimcha 10 mingta  shtatlar ajratilishi belgilangan.

Yana bir yangilik shuki, 2021 yil 1 iyunga qadar oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar hamda tuman va shahar ko`p tarmoqli markaziy poliklinikalar ehtiyojidan kelib chiqib, ularning yangilangan shtat normativlarini tasdiqlanadi.

Shuningdek, Farmonda yana bir muhim jihat – o`rta tibbiyot xodimlarining maqomini oshirish masalasiga alohida to`xtalib o`tilgan.

2021 yil 1 avgustga qadar Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti va etakchi xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda,  o`rta tibbiyot xodimlari maqomini oshirish nuqtai nazaridan ularning malaka talablari, vazifalari, vakolatlari, javobgarligi, ixtisoslik yo`nalishlarini kengaytirish, lavozimlarini, shuningdek, o`quv dasturlari va rejalarini to`liq qayta ko`rib chiqish belgilandi.  

Shundan kelib chiqib, o`rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish va uni 2021/2022 o`quv yilidan boshlab to`liq joriy qilish ko`zda tutilgan.  

    Boshqa yangiliklar