Prezidentimizning “Sog`liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to`g`risida”gi Farmonida imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga bepul order berish tizimini yanada takomillashtirish bo`yicha muhim vazifalar belgilandi. Bu haqda SSV Axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko`ra, 2021 yil 1 noyabrga qadar Sog`liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bepul tibbiy yordam olish huquqini beruvchi order berish tizimini axborot texnologiyalarini qo`llagan holda joriy etadi.
Yangi tartibga muvofiq, endilikda ehtiyojmand oilalar “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi asosida aniqlanadi. Shu bilan birga, imtiyozli toifadagi shaxslar uchun Davlat byudjeti mablag`lari hisobiga davolanadigan kasalliklar ro`yxati, tibbiy xizmatlar hajmi va tibbiyot muassasasining darajalari Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Shuningdek, imtiyozli toifadagi shaxslarga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar hajmi, turi va kasalliklar ro`yxatidan tashqari ko`rsatiladigan tibbiy va boshqa yordamlar qo`shimcha hisoblanishi hamda ular tomonidan belgilangan tartibda haq to`lanishi alohida qayd etilgan.
2021 yilda Sog`liqni saqlash vazirligiga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlari uchun byudjet parametrlarida nazarda tutilgan mablag`lar hisobidan qo`shimcha 80 milliard so`m mablag` ajratiladi.






