Bismillahir Rohmanir Rohim. Ramazonda va boshqa kunlarda ro`zador bo`linganda misvok ishlatish mumkin. Chunki misvok ishlatish har bir namoz, balki har bir tahorat uchun sunnati muakkadadir. Sahih hadislarda kelganidek, misvok og`izni poklovchi, Parvardigorni rozi qiluvchidir. Uni ro`za paytida ham, ro`zadan boshqa paytda ham ishlatish darkor. Ro`zada ishlatish ro`zani buzmaydi. Ba`zi Shofi`iy mazhabidagi ulamolar ulamolar ro`zadorning og`zidan keladigan hid Parvardigori olam uchun mushki anbardan ham yaxshiroq ekanligi haqidagi hadisga asoslanib, peshindan so`ng misvok ishlatmagani ma`qul, deyishadi.
Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham ro`za holatlarida misvok ishlatishni aslo tark qilmaganlar. Jumladan, Imom Buxoriy, Termiziy va Abu Dovud Omir roziyallohuu anhuning gaplarini keltiradilar: “Men Payg`ambar sollallohu alayhi vasallamni ro`zador hollarida misvok qilayotganlarini sanab-sanog`iga, hisoblab-hisobiga eta olmaydigan darajada ko`p ko`rganman”. Hatto Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam misvok ishlatishni ro`zadorning eng afzal xislati, deganlar.
Lekin, misvok ishlatganda milklar qonasa, yoki og`izga misvok ta`mi sezilsa, uni yutib yuborib bo`lmaydi. Ro`za ochilib ketishi mumkin. Bunga diqqat qilish kerak.
Manba: muslim.uz






