Ijtimoiy tarmoqlarda “Andijon shahri hokimi Prezident qaroriga zid ravishda er ajratish bo`yicha qaror chiqardi” mavzusida xabarlar tarqaldi. Mazkur holatni bo`yicha Adliya vazirligi tomonidan o`rganish olib borildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Vazirlik Axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinimshicha, Andijon shahar hokimining 2021 yil 10 apreldagi 80k-sonli qaroriga asosan Andijon shahar “ELEVADA UT GROUP” MChJga Andijon shahar, Mangulik ko`chasida joylashgan 1422 kv.metr er maydoni zamonaviy loyihalar asosida 5 qavatli, 1-qavati savdo va maishiy xizmat ko`rsatish, yuqori qavatlari avtomobillar vaqtincha to`xtab turish joyi binosi qurish uchun ajratib berilgan.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 26 avgustdagi “Qishloq xo`jaligiga mo`ljallanmagan bo`sh turgan er uchastkalarini berish hamda arxitektura-qurilish ishlarini amalga oshirish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-4427-son Qaroriga asosan 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab viloyatlarda qishloq xo`jaligiga mo`ljallanmagan bo`sh turgan er uchastkalari tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun faqat «E-IJRO AUKSION» savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali berilishi belgilangan.
Shuningdek, qurilish mo`ljallangan ushbu er maydonida qurilish ishlari tegishli ruxsat etuvchi hujjatlar olinmasdan boshlab yuborilgan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar adliya bo`limi tomonidan 2021 yil 5 may kuni shahar hokimining 80k-sonli qarorida ko`rsatilgan er ajratishdagi qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan taqdimnoma kiritildi.
Shuningdek, xalq deputatlari Andijon shahar kengashining 2021 yil 30 aprel kuni bo`lib o`tgan 19-sessiyasida shahar hokimining 80k-sonli qarori deputatlar tomonidan tasdiqlanganligini qonuniyligi, vakolatliligi, ushbu qurilish ob`ektini qurish ishlari bajarlishi mumkinligi yuzasidan Andijon shahar adliya bo`limi tomonidan o`rganishlar o`tkazilmoqda.
Bundan tashqari, Andijon shahar adliya bo`limi tomonidan 2021 yil 19 aprel kuni qonun va boshqa normativ huquqiy hujjatlarni qo`llash bo`yicha Andijon shahar hokimiga, Davlat kadastr palatasi Andijon shahar filialiga va Andijon shahar qurilish boshqarmalariga huquqiy maslahat hamda ogohnomalar kiritilgan.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi