Xabaringiz bor, kuni kecha Toshkentda 87 yoshli onaxonning o`z qizi va nabirasi tomonidan ayovsiz kaltaklangani yuzasidan video va xabarlar tarqaldi.
Mazkur xabar yuzasidan olib borilgan o`rganishlar davomida voqea Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumani “Yangi Avayxon“ mahalla fuqarolar yig`ini Qorasuv-6 dahasi 8-uy 4-xonadonda doimiy ro`yxatda turuvchi, 1934 yilda tug`ilgan fuqaro Toza Gulyamova bilan sodir bo`lganligi aniqlandi, deya xabar bermoqda Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi Axborot xizmati.
Aniqlanishicha, fuqaro T.Gulyamova so`nggi yillarda nabirasi, 1989 yilda tug`ilgan fuqaro Sevara Gulyamovaga tegishli, Mirzo Ulug`bek tumani “Minglola“ mahalla fuqarolar yig`inida joylashgan 18 “V”-uy 9-xonadonda yashab kelgan. Shu sababli nabirasi S. Gulyamova hamda uning onasi, fuqaro T.Gulyamovaning qizi, 1964 yilda tug`ilgan fuqaro Saodat Gulyamovalar keksa ayol bilan uy-joy masalasida doimiy janjallashib kelgan.
2021 yil 23 aprel kuni navbatdagi janjal vaqtida ona va bola keksa ayolga jiddiy jarohat etkazgan. Fuqaro T.Gulyamovaning yana bir nabirasi, 1983 yilda tug`ilgan Davron Gulyamov joriy yilning 26 aprel kuni buvisini kasalxonaga olib borgan.
Ayni vaqtda mazkur holat bo`yicha Mirzo Ulug`bek tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “V” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
“Minglola” mahalla fuqarolar yig`ini tomonidan fuqaro T.Gulyamovaning holidan doimiy xabar olib turilgan hamda unga muntazam ravishda moddiy va ijtimoiy yordamlar ko`rsatilgan.






