Hozirgi kunda ushbu jarayonni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqilgan. Bu haqda qo`mita axborot xizmati xabar berdi.
Loyihada davlat soliq xizmati organlarining barcha xodimlari 2020 yilda olgan daromadlari va egaligida bo`lgan aktivlari to`g`risida 2021 yilning 1 sentyabriga qadar hamda 2022 yildan boshlab har yili 1 aprelga qadar deklarasiya taqdim etishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, O`zbekistonning «Davlat soliq xizmati to`g`risida»gi qonuniga davlat soliq xizmati organlarining barcha xodimlari zimmasiga deklarasiya topshirish talabini yuklash va ushbu talabga rioya qilmaganlik uchun javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi o`zgartirish kiritiladi.
Endilikda davlat soliq xizmati organining har bir xodimi ko`char va ko`chmas mulklari, boshqa aktivlari, shuningdek, hisobot yilida olgan daromadlari to`g`risidagi ma`lumotlarni ko`rsatgan holda deklarasiya taqdim etishi shart bo`ladi.
Deklarasiyalarni qayta ishlash natijasida olingan axborotlar shaxsga doir ma`lumotlar to`g`risidagi qonunchilik talablaridan kelib chiqib, jamoatchilik uchun ochiq holda maxsus «ochiq.soliq.uz» veb-saytiga joylashtirish taklif etilmoqda.
Masalan, ko`chmas mulk bo`yicha ob`ektning turi, umumiy maydoni va ob`ektning joylashuvi to`g`risidagi ma`lumotlar majburiy ravishda ko`rsatilishi shart. Avtomobillar haqidagi ma`lumotlarda avtomashina rusumi, modeli va ishlab chiqarilgan yili aks ettiriladi.






