Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokida chet tillarini o`rganishning ustuvor vazifalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi boshlandi. Mamlakatamizning turli hududlaridagi chet tillarini o`rganish sifati so`nggi yillarda yaxshilangan bo`lsa-da, hamon qoniqarsiz ahvoldaligi tanqidiy muhokama qilinmoqda, deya xabar bermoqda “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.
“Ochiqlik siyosatimiz, dunyo bozoriga faol kirib borayotganimiz hamda xalqaro hamkorlik aloqalarimizning kun sayin kengayishi, ushbu masalaning dolzarbligini yanada oshirmoqda. Biz raqobatdosh davlat qurishni o`z oldimizga maqsad qilib qo`ygan ekanmiz, bundan buyon maktab, lisey, kollej va oliygoh bitiruvchilari kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishlari shart”, - dedi Prezident so`z avvalida.
Yig`ilishda keltiilishicha, bugungi kunda:
- 25 ta oliygohda o`qitish chet tilida olib borilmoqda (2016 yilda – 7 ta);
- Xalqaro til sertifikati olgan bitiruvchi o`quvchilar so`nggi 3 yilda 10 baravarga oshdi (700 nafardan 7 ming nafarga);
- 60 ming nafar o`quvchilarimiz etakchi xorijiy oliygohlarda tahsil olmoqda (2016 yilga nisbatan 12 baravar ko`p);
Shuningdek, joriy yilda “El-yurt umidi” jamg`armasi orqali 350 nafar yoshlarimizning nufuzli xorijiy universitetlarda o`qishi uchun stipendiyalar ajratildi. Bu o`tgan yillarga nisbatan 5 baravar ko`p, degani.
“Lekin qayd etilgan ko`rsatkichlarga qaramay, chet tillarini o`qitish bo`yicha joylardagi haqiqiy ahvol, oldimizga qo`yilgan katta rejalarga mutlaqo munosib emas”, - dedi davlat rahbari.
Bugungi kunda ta`lim tizimida:
- 2 mingdan ortiq chet tili o`qituvchilari lavozimi vakant bo`lib qolmoqda;
- 1 ming 400 ta maktabda chet tili o`qitish sifati mutlaqo qoniqarsiz ahvolda (Bu ko`rsatkich Qashqadaryoda – 380 ta, Samarqandda – 287 ta, Jizzaxda – 140 ta, Toshkent viloyatida – 120 ta, Surxondaryoda – 90 tani ta);
- Maktablarda ishlayotgan jami 53 ming nafar chet tili o`qituvchilarining atigi 4 foizi milliy va xalqaro til bilish to`g`risidagi sertifikatlarga ega (Misol uchun, 18 ta tuman va shaharda, jumladan Xonobod va Quvasoy shaharlari, Zafarobod, Mirishkor, To`rtko`l, Sherobod va Uzunda birorta o`qituvchi sertifikat olmagan.);
- Jami 11 ming nafar maktab chet tili o`qituvchilarining 49 foizi testdan o`ta olmagan (Qashqadaryoda – 55 foiz, Jizzaxda – 53 foiz, Samarqand, Sirdaryo va Surxondaryoda – 52 foiz).