Ayni paytda bo`lib o`tayotgan Prezident ishtirokidagi videoselektor yig`ilishida Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o`rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etilishi aytildi.
“Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning yig`ilishdan ma`lum qilishicha, Agentlik, eng avvalo, dunyoda samarali natija bergan o`qitish metodikalari, dastur va darsliklarini bog`cha, maktab, lisey, oliygoh va o`quv markazlarida joriy etib, xorijiy tillarni mukammal o`zlashtirishga ko`maklashadi.
Agentlik vazifalari:
- Ta`lim muassasalari, tarmoqlar va hududlarning ehtiyojidan kelib chiqib, kamida 10 ta chet tilini (ingliz, rus, nemis, fransuz, xitoy, koreys, yapon, turk, arab, fors) o`rgatishni tashkillashtiradi.
- Bolalikdan xorijiy tillarni puxta o`rganish ko`nikmalarini shakllantiradigan ommabop kontentlarni ishlab chiqadi.
- Vazirlik, idora va boshqa ish beruvchilar bilan birga, xizmatchilarning kasbiy faoliyatini xorijiy tillarda to`liq amalga oshirish imkoniyatini beradigan metodikalarni ishlab chiqib, sharoitga moslagan holda, amaliyotga joriy etadi.
- Davlat tilidan xorijiy tillarga va aksincha bir necha xorijiy tillardan davlat tiliga professional tarjima qiladi.
- Maktablar, oliygohlar, tuman, shahar va viloyatlar, tarmoq va davlat idoralarida xorijiy tillarni bilish reytingini ham yuritadi.
Chet tili o`qituvchilari uchun malaka talablari va baholash mezonlarini ishlab chiqadi hamda malaka toifalarini beradi.
“Bir so`z bilan aytganda, Agentlik “bog`cha – maktab – oliygoh – korxona” uzluksiz zanjiri orqali, aholining barcha qatlamiga mos bo`lgan til o`rganish metodika, tavsiya va darsliklarini ishlab chiqishni tashkil etadi hamda ularning amalga oshirilishiga ko`maklashadi. Jahon tillari va Sharqshunoslik universitetlari, Samarqand chet tillari instituti bilan bir qatorda, har bir viloyatda bittadan universitet chet tillari bo`yicha tayanch oliygoh sifatida belgilanadi. Viloyat, tuman va shahar hokimlari hududlarda chet tillarini o`rgatish muhitini shakllantirish, bunga tashkiliy va moliyaviy sharoit yaratishga shaxsan mas`ul bo`ladilar”, - dedi davlat rahbari.