AsosiyJamiyat

Toshkentda “Bessmertny polk” aksiyasini o`tkazishga ruxsat berilgani rostmi? Hokimlik aniqlik kiritdi

'Toshkentda “Bessmertny polk” aksiyasini o`tkazishga ruxsat berilgani rostmi? Hokimlik aniqlik kiritdi'ning rasmi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda joriy yil 9 may kuni Toshkent shahrida “Bessmertny polk” aksiyasini o`tkazishga ruxsat berilgani haqidagi xabar ko`pchilikning e`tiborini tortdi.  Toshkent shahar hokimligi holatga aniqlik kiritdi.

"Toshkent shahar hokimining o`rinbosari M.Muhitdinov poytaxtimizda “Bessmertny polk” aksiyasini o`tkazish bo`yicha qilingan murojaatni o`rnatilgan tartibda Toshkent shahar IIBB va YHXBga yo`naltirgan. Biroq Internetdagi xabarda yozilganidek, mazkur murojaatga «Prinyat k ispolneniyu v ustanovlennom poryadke» tarzida emas, balki “O`rnatilgan tartibda ko`rib chiqilsin”, ya`ni “Rassmotret v ustanovlennom poryadke” deya imzo chekilgan.  

Ko`rinib turibdiki, mutasaddi rahbarning topshirig`ini noto`g`ri tarjima qilish oqibatida anglashilmovchilik yuzaga kelgan. Natijada keng jamoatchilikka “mutasaddilar mazkur aksiyani o`tkazish uchun ruxsat berishgan bo`lsa-da, huquq-tartibot idoralari bunga qarshi chiqmoqda” degan mazmunda  asossiz xabar tarqatilgan.  

Ma`lumot uchun "Bessmertny polk" aksiyasi tashkilotchilari murojaat qilgan hech bir mutasaddi tashkilot tomonidan bugungi pandemiya sharoitida mazkur ommaviy tadbirni o`tkazishga ruxsat berilmagan.

Ma`lumki, keyingi vaqtlarda butun dunyoda bo`lgani kabi O`zbekistonda ham koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog`liq vaziyat tobora murakkablashmoqda. Shu bois aholi salomatligini saqlash, kasallikning keng tarqalib ketishiga yo`l qo`ymaslik maqsadida qo`shimcha cheklovlar joriy qilinmoqda.  

Koronavirusga qarshi kurashish bo`yicha Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan joriy yil 1 maydan boshlab mamlakatimizda turli ommaviy tadbirlar, xususan, konsert dasturlari, bayram tomoshalari va ommaviy yurishlarni o`tkazish vaqtinchalik to`xtatilgan.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, bu yil mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayramiga bag`ishlangan tadbirlarni karantin qoidalariga qat`iy rioya qilgan holda, ixcham shakllarda o`tkazish choralari belgilangan.

Bunday cheklovlar yuzlab odamlar ishtirok etishi ko`zda tutilgan “Bessmertny polk” ommaviy tadbiriga ham daxldor ekanini unutmaslik lozim. Zotan, bugungi murakkab epidemiologik vaziyatda fuqarolarimizning salomatligini himoya qilish barchamizning eng muhim vazifamiz hisoblanadi",–deyiladi hokimlik chiqargan xabarda.

Boshqa yangiliklar