Yoshlar ijod saroyi”da O`zEOAVMA tashabbusi bilan bir qator davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar hamkorligida “Yangi O`zbekiston. Yangi nigoh” media-haftaligi davom etmoqda.
Bugun 6 may kuni O`zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi va mamlakatimizdagi Gyote instituti hamkorligida “Shum bola-2021” VII xalqaro kinofestivalining rasmiy ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Unda haftalik ishtirokchilari, madaniyat va san`at namoyandalari, yosh rejissyorlar, o`quvchi va talabalar ishtirok etishdi.
Unda so`zga chiqqanlar har ikki mamlakat o`rtasida tobora rivojdlanayotgan madaniy aloqalarning istiqbollari xususida to`xtalib o`tishdi.
Shundan so`ng mashhur kinorejissyor Kim Shtrobl tomonidan suratga olingan “Medison” badiiy filmi o`zbek tilida namoyish qilindi. Ushbu film bugungi nemis o`smir yoshlari hayotidan hikoya qiladi. Film 12 yoshli Medison ismli velosipedchi qizning orzu-umidlari, quvonch va tashvishlari, ichki dunyosi, kattalar bilan munosabatlari asosida qurilgan. Medisonning sodda va beg`uborligi, oqko`ngilligi, iroda va matonati tomoshabinning mehrini qozonadi.
Film tugaganidan so`ng rejissyor Kim Shtrobel mazkur kartinaning yaratilish tarixi, suratga olish jarayonida yuz bergan qiziqarli voqealar, ayni paytga qadar filmning qo`lga kiritilgan muvaffaqiyatlari haqida to`xtalib, tomoshabinlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Eslatib o`tamiz, “Shum bola-2021” festivali “Yoshlar ijod saroyida 10 mayga qadar davom etadi. Festival davomida nemis kinoustaari tomonidan suratga olingan “Sakar va Lili”, “Yakari”, “Ajinalar malikasi”, “Zirapchalar va chuqur dengiz malikasi”, “Raqsga tush” singari badiiy filmlar, shuningdek, yosh o`zbek kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar namoyish qilinadi.






