Ijtimoiy tarmoqlarda Bekobod tumani maktabgacha bo`limi mudiri tomonidan maktabgacha ta`lim tashkilotlariga sifatsiz go`sht tarqatilayotganligi to`g`risidagi ma`lumot tarqalgandi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati maktabgacha ta`lim boshqarmasi hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, atroflicha o`rganish olib borildi. Bu haqda Maktabgacha ta`lim vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Xususan, joriy yilning 5 may kuni Bekobod tumani hokimligi, xalq deputatlari Bekobod tuman kengashi deputati, tuman SEO va JSB mas`ullari hamda tuman Maktabgacha ta`lim bo`limi mudiri tomonidan hududdagi 9-, 26-sonli Davlat maktabgacha ta`lim tashkilotlarida o`rganish olib borildi. Bekobod tumani 9-sonli Davlat maktabgacha ta`lim tashkiloti rahbari N.Isomiddinova ta`kidlashicha, tashkilotga go`sht mahsuloti etkazib beruvchi ta`minotchi kelib, bo`sh qog`ozga “muhr bosib bering, hamma mudiralar eydi, men bu sohada ishlaganman...” deb aytganligini, rad javobini olgach, achchig`i chiqib ketganligini, tenderda yutolmagandan keyin shunday vajlarni o`ylab topib, muammo yaratganligini ma`lum qildi. Ma`lum bo`lishicha, 3 may kuni “Xo`jamqul biznes-savdo” ta`minotchisi tomonidan mazkur maktabgacha ta`lim tashkilotiga etkazib berilgan go`sht mahsuloti sifati talab darajasida bo`lib, guvohlar ishtirokida go`sht mahsuloti nazoratdan o`tkazilgan.
Bekobod tumani 26-sonli Davlat maktabgacha ta`lim tashkiloti rahbari H.Suyunova ham Toshkent viloyati Bekobod tumani hayvonlar kasalliklari tashhisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazining joriy yilning 5 maydagi 69-sonli ekspertiza xulosasiga ko`ra, “Xo`jamqul biznes-savdo” ta`minotchisi tomonidan etkazib berilgan go`sht mahsuloti iste`molga yaroqliligi isbotlanganligini ma`lum qildi. Go`shtning hidi, rangida o`zgarish yo`qligini, o`sha kuniyoq dalolatnoma tuzilib, go`shtni tuzlab, muzlatgichlarga joylashtirilganligini, go`shtning sifati yaxshiligini alohida ta`kidlab o`tdi.
Ishchi guruhning yakuniy xulosasiga asoslanib, ijtimoiy tarmoqda keltirilgan vajlar o`z tasdig`ini topmadi, deyish mumkin. Aksincha, “Xo`jamqul biznes-savdo” ta`minotchisi tomonidan etkazib berilayotgan go`sht mahsulotlari avvalgi ta`minotchilarning mahsulotidan anchagina sifatli ekanligi ma`lum bo`ldi. Bekobod tumani maktabgacha ta`lim bo`limi mudiri B.Qurbonovning fikricha, bunday ko`ngilsiz holat yuzaga kelishiga ta`minotchilar orasidagi nosog`lom raqobat muhiti omil bo`lgan.






