Avvalroq, Andijon shahri hokimi Prezident qaroriga zid ravishda er ajratish bo`yicha qaror chiqargani, mahalliy kengash uni tasdiqlab yuborgani va qurilish mo`ljallangan ushbu er maydonida qurilish ishlari tegishli ruxsat etuvchi hujjatlar olinmasdan boshlab yuborilgani haqida xabar qilingan edi.
Mazkur holat Andijon viloyati hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan o`rganildi. Bu haqda Andijon viloyati hokimligi Axborot xizmati xabar berdi.
O`rganish davomida quyidagilar ma`lum bo`ldi;
Viloyatda er taqchilligi, shuningdek, Andijon shahar Mangulik ko`chasida avtoturargohning mavjud emasligi aholiga, qolaversa haydovchilarga noqulayliklar tug`dirib kelayotganligini inobatga olgan holda joriy yilning 10 aprel kuni “ELEVADA UT GROUP” MChJga ushbu hududda zamonaviy loyihalar asosida 5 qavatli 1 qavati savdo va maishiy xizmat ko`rsatish, yuqori qavatlari avtomobillar vaqtincha to`xtab turish joyi (avtostoyanka) binosini qurish maqsadida Andijon shahar hokimining 80 – Q sonli qarori chiqarib berilgan.
Ammo, o`rganishlar jarayonida, Prezident qaroriga muvofiq, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qishloq xo`jaligiga mo`ljallanmagan bo`sh turgan er uchastkalari tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun faqat «E-IJRO AUKSION» savdo maydonchasida onlayn-auksion orqali berilishi belgilangan bo`lsada, tadbirkor hech qanday onlayn-auksionda qatnashmasdan shahar hokimining qaroriga asosan qurilish ishlarini boshlab yuborgan.
Viloyat hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan olib borilgan o`rganishlar yakuniga ko`ra, Andijon shahar hokimining 2021 yil 10 apreldagi 80 – Q sonli qarori qonun talablariga zid ekanligini inobatga olgan holda qaror bekor qilindi.