Kuni kecha Oliy majlis qonunchilik palatasida yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi qonun muhokamasi bo`lib o`tdi. Muhokamadan so`ng deputat Kusherbaev "Milliy tiklanish" partiyasining ushbu loyihadagi ayrim fikrlariga nisabatan va boshqa chiqishlari yuzasidan keskin munosabatini e`lon qildi.
"To`g`risi, oxirgi vaqtlar “Milliy tiklanish” partiyasining chiqishlariga e`tibor qilmaslikka urinyapman. Chunki ular negadir muammolarni sun`iy yaratish, odamlarni urishtirish, nizo chiqarish, oddiy aytganda, fitna qo`zg`ashga o`xshash harakatlar qilayotganga o`xshaydi. Balki adashgandirman, biroq bu so`nggi paytlardagi shaxsiy kuzatuvlarim.
Shu bois har bir ishi, chiqishiga e`tibor qilaversam, men ham ayirmachiga aylanib qolaman. Men esa o`zbek, qirg`iz, tojik, rus, koreys, tatar, qozoq, uyg`ur va boshqa do`stlarim, qadrdonlarim bilan “Sen ariqning u tomonida ekansan”, deb urishishni istamayman.
Biroq ushbu partiya nashrining 5 may 15-sonida jimjimador qilib ishlangan kollaj ostida bosilgan “Janob Liberallar, sukut alomati rizomi?” sarlavhali maqolada negadir yana sun`iy ravishda tadbirkorlarga men, Doniyor G`aniev va biz a`zo bo`lgan partiyani yomon ko`rsatishga urinishibdi. Bunaqa “bozorbop” chiqish uchun eng munosib javob aslida e`tibor bermaslik edi. Lekin andishaning oti ham qo`rqoqmas, indamasak bo`lmasligini tushundik.
“Milliy tiklanish” partiyasi gazetasi bahonasida ularga bir narsani eslatib o`tmoqchiman: O‘zLiDeP fraksiyasidagi har bir deputat alohida individual shaxs va har birining o`z mustaqil fikri bor. Fikrlar doim ham bir joydan chiqmasligi mumkin. Chunki liberallik, avvalo, erkinlik va yangilikka intilish degani.
Hammani birdek, bir qolipda fikrlashga o`rgatish va ayttirish sobiq ittifoq mafkurasiga xos ish. Bu mafkura ko`proq “Milliy tiklanish”ga yoqqan ko`rinadi. Yoqsa, marhamat, vorislik qilavering, biroq bizni tinch qo`ying!
Yana bir gap. Maqolada iddao qilingan mavzu, ya`ni ko`chalardagi reklama masalasida men o`z fikrimni aytdim: yoqadimi-yo`qmi, bunisi qiziqmas. Yo`llar, avvalo, haydovchi va yo`lovchiga qulay bo`lishini istayman, yo`l reklama maydoni yoki bozor emas. Yo`l, bu o`z nomi bilan yo`l axir. Yo`l bo`ylariga har qanday bo`lar-bo`lmas reklama vositalari qo`yilishiga shaxsan men qarshiman. Bu gapim yoqmasa yoqmas, biroq sun`iylik qilib, yoqmagan gapni yoqdi, deb aytolmayman-ku! Xullas, reklama qilishga yo`ldan boshqa joy topish kerak.
Darvoqe, so`nggi vaqtlar “Milliy tiklanish” partiyasi millat taqdiri, tarbiya, bilim degan gaplarni bot-bot takrorlamoqda. Agar rostdan ham shunday bo`lsa, nima uchun kuni kecha minglab, kerak bo`lsa, millionlab yurtdoshlarimiz ko`z tikib turgan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish jarayonida aynan “Milliy tiklanish” partiyasi vakillari diniy ta`lim muassasasida ta`limni kengaytirish masalasiga qarshi chiqdi? Diniy bilim, shu jumladan, muqaddas Islom dini haqida ta`lim olish faqat diniy soha xodimlari uchun emas, aholi, shu jumladan, ota- onalar uchun ham erkin bo`lishi zarurligini ta`kidlagan Doniyor G`aniev va meni nima uchun qo`llab-quvvatlashmadi? Aksincha, ular buni terrorizm, radikalizm bilan bog`ladi, yurtdoshlarimizga bu masalada ishonishga erta, degan qarash bilan diniy ta`limda erkinlik berilishiga qarshi chiqdi, faqat diniy idora xodimlari uchun diniy ta`lim olish mumkin, degan eskirgan qolipni yoqladi.
Ushbu pozisiyangizdan keyin ham Sizlarni kim deb atashimiz kerak, “Milliy tiklanish”mi yoki? Men atayin maqoladagi ayrim chalkashlik va oddiy savodxonlik masalasidagi qo`pol xatoliklarga ham ko`z yumdim.
O`ylaymanki, “Milliy tiklanish”ning mendan boshqa tashvishi, muammolari ham ko`p va yaxshisi, bizni tinch qo`yib, har xil fitna, g`iybatlar bilan emas, partiya oldida turgan jiddiyroq ishlari bilan shug`ullanishsin", deyiladi Kusherbaev munosabatida.
Shundan so`ng "Milliy tiklanish" partiyasi rahbari ham bu brada o`z mulohazalarini e`lon qildi. Unga ko`ra, Qonunchilik palatasining deputati qonun ijodkorligi jarayonida charxlanadi. Bu Qonunchilik palatasining deputati uchun eng muhim masala. Bu charxlanganlikning darajasi qonun normalarini tushunish, tahlil qilish va odamlarga tushuntirish jarayonida ko`rinadi. Deputatlarning ko`pida aynan shu xislat shakllangan, ular normalarni yaxshi tushunishadi va takliflar kiritishadi, tortishishadi. Lekin buni ommaga etkazib berolmaydilar. Shu sababli juda foydali va charxlangan deputatlar ishlamayotgandek ko`rinadi.
Shuningdek, Qodirov, hamkasbini tomonidan bildirilgan keskin fikrlarga munosib javob qaytardi:
"Ayrim deputatlar esa asfaltni qalinligini aniqlashda professional bo`lishi mumkin, lekin normani mag`zini tushinishga kelganda lattachaynaydilar. Eng yomoni tushunmasa ham “odamlarga tushuntirishni” qoyillatishadi, bir narsani hidi kelishni boshlaganidan keyin ko`zini lo`q qilib “balki men tushunmayotgandirman, balki meni kallam ishlamayotgandir, lekin men shunday deb o`ylayman” deb turaveradi.
Odamlarni chalg`itish yoki xato xabarni tarqalishini hisobga olmasak buni bir omining zararsiz go`lligi desa ham bo`laveradi...
Diniy ta`lim masalasida batafsil keyinroq...", deya yozib qoldirgan "Milliy tiklanish" etakchisi.






