2020 yilda «Diplomat International School» maktabi o`quvchilarining tashabbusi bilan tarix o`qituvchisi Nikolay Artemev boshchiligida «Vikipediya» Butunjahon internet-qomusining o`zbek tili qismidagi maqolalarni to`ldirish va takomillashtirish uchun «Wikischool» loyihasi yaratildi.
Internet-qomusga davlat amaldorlari, siyosiy arboblar, siyosiy partiyalar vakillari to`g`risida ma`lumotlar kiritilgan. Ayni vaqtda rus tilida 150 dan ortiq, o`zbek tilida 150 ga yaqin, ingliz va nemis tillarida ham ko`plab maqolalar tayyorlangan. O`quvchilar joriy yil so`ngiga qadar Vikipediya internet-qomusining o`zbek tili qismiga 1000 dan ortiq material joylashtirishni o`z oldiga maqsad qilib qo`ygan.
Virtual ensiklopediyani maqolalar bilan to`ldirish ishlari maktab o`quvchilari uchun juda qiziqarli jarayon bo`lib, bu ularning qo`shimcha bilimlarga ega bo`lishi, kompyuter savodxonligi, kerakli qidiruv tizimlaridan foydalanish va muloqot mahorati bo`yicha qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.






