AsosiyJamiyat

Prezident hamdardlik bildirish uchun Rustam Qosimov xonadoniga tashrif buyurdi

'Prezident hamdardlik bildirish uchun Rustam Qosimov xonadoniga tashrif buyurdi'ning rasmi

Mamlakatimiz jamoatchiligi judolikka uchradi. Davlat va jamoat arbobi, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, taniqli olim va pedagog Rustam Qosimov bugun, 7 may kuni og`ir kasallikdan so`ng vafot etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoev ta`ziyali xonadonga tashrif buyurib, marhumning farzandlari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

Rustam Sobirovich Qosimov 1955 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan. Toshkent davlat universitetining sharqshunoslik fakultetida o`qib, mehnat faoliyatini Toshkent suv xo`jaligi institutida arab tili tarjimonligidan boshlagan. Ko`p yillar oliy ta`lim sohasida turli vazifalarda ishlagan. 2004-2009 yillarda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari sifatida fan, ta`lim, sog`liqni saqlash va ijtimoiy sohalar rivojiga hissa qo`shgan. Oxirgi yillarda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo`yicha maslahatchisi, O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori vazifalarida ishlab kelayotgan edi.

R.Qosimovning ko`p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, 2006 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Davlatimiz rahbarining ko`ngil so`rashi og`ir damda marhumning oilasiga hamdardlik, katta dalda bo`ldi. 

Qur`on oyatlari tilovat etilib, duo qilindi.

Prezidentimiz marhumning ezgu ishlarini yodga oldi.

– Juda qayg`udaman. Qo`limizdan kelganini qildik. Xudoning irodasi ekan. Vatanga sadoqatli, fidoyi, aqlli, millatimizning ziyolilaridan birini yo`qotdik. Biz juda ko`p yillari birga ishlaganmiz, og`ir kunlarimiz ham bo`lgan. Hozir ham menga eng katta yordamchi, maslahatgo`y edi. Ilohim, joylari jannatda bo`lsin. Ishlarini farzandlari davom ettirsin, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Marhumning oilasi, farzandlari doimiy e`tiborda bo`lishi ta`kidlandi.

Boshqa yangiliklar