O`zbekiston Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi BMTning O`zbekistondagi tarkibiy tuzilmalari bilan birgalikda joriy yil 10-24 iyun kunlari «Hech kim e`tibordan chetda qolmaydi!» shiori ostida Barqaror rivojlanish haftaligini o`tkazadi.
Haftalik doirasida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining tegishli qo`mitalari tomonidan qator “davra suhbat”lari tashkil etiladi.
Tadbir 23-24 iyun kunlari Buxoro shahrida «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik» xalqaro forumi bilan yakunlanadi.
Ushbu forum global Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashga, o`zaro tajriba almashishga, shuningdek, yangi g`oyalar va tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan.
Xalqaro forumning asosiy tematik yo`nalishlari quyidagilardan iborat:
-Barqaror rivojlanish maqsadlarining samarali bajarilishini ta`minlashda parlamentning roli;
-Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo`yicha tadbirlarni moliyalashtirish;
-Barqaror rivojlanish maqsadlarining statistik ko`rsatkichlarini shakllantirish;
-Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilikning ishtiroki;
-Barqaror rivojlanish maqsadlarining bajarilishida parlament nazorati, monitoring va baholashning ahamiyati;
-Barqaror rivojlanish yo`lida dunyo parlamentlari o`rtasida xalqaro muloqot va global hamkorlikni rivojlantirish.
Xalqaro forum onlayn va oflayn shakllarda uyushtiriladi.
Tashkiliy qo`mita olimlar va mutaxassislarni ushbu anjumanda ma`ruzachi va tinglovchi sifatida ishtirok etishga, shuningdek, forum yakuni bo`yicha tayyorlanadigan materiallar to`plamida nashr etish uchun maqolalar yuborishga taklif qiladi.
Ro`yxatdan o`tish uchun telefon: (+998 71) 238-28-68






