Milliy matbuot markazida yurtimizda sanitariya-epidemiologiya holati barqarorligini ta`minlash, aholini yuqumli kasalliklardan himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalarga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari, sanitariya-epidemiologiya xizmatlari, yuqumli kasalliklar shifoxonalari olimlari va shifokorlar, mutaxassislar ishtirok etdi.
Sanitariya-epidemiologiya muassasalari ilg`or tibbiy jihozlar va laboratoriya tahlil vositalari bilan ta`minlangan. Mamlakatimizning milliy emlash taqvimiga o`n ikki turdagi vaksina kiritilgan. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash va uning sifatini nazorat qilish bo`yicha monitoring tizimi yaratilgan.
Gepatit kasalligining oldini olish va bunday xastaliklarni aniqlash va davolash ishlari yildan-yilga yaxshilanmoqda. Sohaga yangi laboratoriya tahlil usullari tatbiq etilgani inson salomatligini asrashda muhim omil bo`layotir.
Mamlakatimizda uzviylik bilan amalga oshirilayotgan ana shunday izchil tibbiy-ijtimoiy loyihalar natijasida difteriya, qoqshol, qizamiq, qizilcha kabi yuqumli kasalliklar butunlay bartaraf etildi. O`zbekiston Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining «Poliomielitdan xoli hudud» sertifikatini 1995 yildan buyon muvaffaqiyatli himoya etib kelmoqda. Dunyoning turli hududlarida yuqumli kasalliklar bo`yicha vaziyat murakkablashayotganiga qaramay, yurtimizda bu borada epidemiologik barqarorlik ta`minlanmoqda.
Matbuot anjumanida yurtimizda amalga oshirilayotgan sanitariya-epidemiologiya chora-tadbirlari va istiqboldagi vazifalarga oid ma`ruzalar tinglandi, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.