Nepal etakchi nashrlardan biri «Karobar Economic Daily» gazetasi saytida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori E.Tulyakov va markaz bo`lim boshlig`i N.Nodirxonovaning mamlakatimiz sud-huquq tizimida ro`y berayotgan o`zgarishlarga bag`ishlangan «O`zbekistonda sud-huquq islohotlari: 2020 yildagi 10 muhim qadam» sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Materialda yangi O`zbekiston taraqqiyotining muhim strategik dasturi – Harakatlar strategiyasida qonun ustuvorligini ta`minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish bo`yicha belgilangan vazifalar ijrosi bayon etilgan.
O`zbekistonda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud hokimiyati mustaqilligini ta`minlash, odil sudlovga erishish, qonuniylikni mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish muhim ahamiyat kasb etayotgani ta`kidlangan. Mamlakatda barcha sohalar qatori mazkur yo`nalishda ham o`tgan 2020 yilda keng ko`lamli ishlar amalga oshirildi.
Nashrga ko`ra, mamlakatda yuridik fan va ta`limni takomillashtirish, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish maqsadida Toshkent davlat yuridik universitetiga masofaviy, sirtqi va kechki o`qitish shakllarini tashkil etish huquqi berildi. 2020/2021 o`quv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriati va magistraturasiga masofaviy ta`lim shaklida o`qishga qabul qilishni tashkil etish bo`yicha tegishli tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirish topshirildi. Shuningdek, aholining malakali yuridik xizmatga bo`lgan ehtiyojini qondirish tizimini takomillashtirish maqsadida nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berildi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertizasini o`tkazishda davlat sud-ekspertiza muassasalari kabi funksiyalarni amalga oshiradi.
«Inson huquq va manfaatlarini himoya qilish bo`yicha yana bir o`ta muhim qadam tashlanib, fuqaroligi yo`q shaxslarga O`zbekiston Respublikasining fuqaroligini berish va ushbu shaxslar ham siyosiy huquqlardan to`liq foydalanishlari hamda saylov jarayonlarida ham davlat fuqarosi sifatida ishtirok etishlarini ta`minlash nuqtai nazaridan yangi tahrirdagi «O`zbekiston Respublikasining fuqaroligi to`g`risida»gi Qonun qabul qilindi. Natijada, mamlakat hududida doimiy istiqomat qiladigan fuqaroligi bo`lmagan 50 mingga yaqin shaxsning O`zbekiston Respublikasi fuqaroligini olishiga imkoniyat yaratildi», deb ta`kidlanadi maqolada.
Mualliflarning yozishicha, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta`minlash, sudning nufuzini oshirish, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirish bo`yicha qonunchilikka o`zgartish va qo`shimchalar kiritildi. Ularga ko`ra, ishlarni nazorat tartibida ko`rish instansiyasi tugatildi. Investisiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarning iqtisodiy sudlarga taalluqli ekani belgilandi. Prokurorlarning barcha iqtisodiy sud majlislarida ishtirok etish huquqi bekor qilindi. Endilikda prokuror faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda yoki prokurorning da`vo arizasi bilan qo`zg`atilgan ishlardagina ishtirok etishi mumkin. Biznes-ombudsmanning sud jarayonida ishtirok etish vakolatlari kengaytirildi.
«Sudda ishlarni ko`rishda inson huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va taraflarning tortishuvchanlik tamoyilini amalda ro`yobga chiqarish maqsadida jinoyat ishlari bo`yicha sudlarda dastlabki eshituv instituti joriy etildi, - deyiladi materialda. -O`zbekistonda 2019 yilda 469 ta ish sudda bir necha oy ko`rilganidan keyin dastlabki tergovdagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun prokurorga qaytarilgan. Endilikda ishni sudga tayinlash jarayonida 7 sutka ichida sudya mazkur masalani hal etishi mumkin bo`ladi».
Sudlarda boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qo`zg`atilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning ko`rilishida prokuror o`z tashabbusi bilan ishtirok etishini istisno etilgani (qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari), “bir sud – bir instansiya” tamoyilini joriy etish va shu bilan bog`liq sud tizimida qator tashkiliy-tuzilmaviy o`zgarishlarni amalga oshirish imkonini berdi.
Shuni alohida ta`kidlash joizki, hozirgi kungacha viloyat sudlari chiqargan qarori ustidan berilgan shikoyatlar shu sudlarning o`zida ko`rib chiqilardi. 2019 yildagi ko`rsatkichda esa respublika bo`yicha viloyat sudlari qabul qilgan 13 mingta shunday qaror Oliy sud tomonidan o`zgartirilgan va bekor qilingan.
Maqolada qayd etilishicha, O`zbekistonda aybiga iqrorlik bo`yicha kelishuv instituti joriy qilindi. Bunda, ayrim jinoyatlar toifalari bo`yicha shaxs aybini bo`yniga olish to`g`risida arz qilgan, chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan hollarda surishtiruv va dastlabki tergov organlari bilan yozma kelishuv tuzilishi hamda unga nisbatan sud tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng ko`p jazoning yarmidan ko`p bo`lmagan miqdori yoki muddatigacha jazo tayinlash amaliyoti yo`lga qo`yildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida tizimli ishlar davom ettirilib, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha alohida davlat organi tashkil etildi. Agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi. «Agentlikning asosiy vazifalaridan biri korrupsiya yuqori bo`lgan sohalarni chuqur tahlil qilish hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hisoblanadi. Agentlik har yili ommaviy axborot vositalari orqali e`lon qilinishi lozim bo`lgan Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risidagi milliy ma`ruzani shakllantiradi», deb qayd etadi nashr.
Mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning insonparvarlik tamoyillariga asoslanganining isboti o`laroq, davlat rahbari tomonidan yo`lga qo`yilgan afv etish tizimi izchil davom ettirilib, 2020 yilda bu borada Prezidentning 5 ta tegishli farmoni imzolandi. Natijada jami 616 nafar mahkum afv etildi. Shu jumladan, afv etilgan shaxslarning 274 nafari jazoni o`tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 237 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi, 76 nafariga tayinlangan jazo engilroq jazo bilan almashtirildi. Afv etilganlarning 87 nafarini ayollar, 29 nafarini chet el fuqarolari, 290 nafarini taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilari tashkil etdi.
«Ko`rinib turibdiki, yangi O`zbekistonda islohotlarning dolzarb bo`g`ini bo`lgan qonun ustuvorligini ta`minlash, sud-huquq tizimini isloh etish, fuqarolarning huquq-manfaatlarini himoya qilish borasida muhim qadamlar tashlanmoqda. Shubhasiz, bu tub o`zgarishlar xalq manfaatlari yo`lida olib borilayotgan amaliy ishlarning ifodasidir», - deb xulosa qiladi «Karobar Economic Daily».






