O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Xotira va qadrlash kuniga bag`ishlangan tantanali marosimdagi nutq so`zladi:
Assalomu alaykum, hurmatli vatandoshlar!
Qadrli urush va mehnat faxriylari!
Avvalo, mana shu ulug` ayyom kunlarida, muhtasham G`alaba bog`ida turib, siz, azizlarni, bugungi tantanali marosimni joylardagi studiyalarda, harbiy okruglarda, oila davrasida televidenie orqali tomosha qilayotgan barcha faxriylarimizni ko`pmillatli butun xalqimizni Xotira va qadrlash kuni hamda buyuk G`alabaning 76 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Barchangizga o`zimning yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Muhtaram urush va mehnat fronti faxriylari!
Bugungi shonli sanani biz doimo cheksiz quvonch va cheksiz iztirob bilan nishonlaymiz. Vatan ozodligi uchun, hozirgi tinch-omon kunlar uchun jang maydonlarida halok bo`lgan ota-bobolarimizni, front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, hurmat bajo keltiramiz.
Siz, mo``tabar faxriylarimizning beqiyos qahramonligingiz insoniyat tarixiga abadiy o`chmaydigan, buyuk sahifa bo`lib yozilganini chuqur minnatdorlik bilan e`tirof etamiz.
Ulug` va tabarruk yoshlarga etib, bugun oramizda sog`-salomat, duogo`y bo`lib yurgan urush va mehnat frontining barcha jangchilariga yana bir bor yuksak mehr va hurmatimizni izhor etib, ularning barchasiga chin yurakdan tashakkur aytamiz.
Hayotning og`ir va achchiq sinovlarini mardona engib o`tgan Siz, azizlarning O`zbekistonimizni har tomonlama rivojlantirish, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida, mustahkam irodali insonlar etib tarbiyalashga qo`shayotgan munosib hissangizni barchamiz yuksak baholaymiz.
Sizlarning mardlik va matonatingiz koronavirus pandemiyasi davom etayotgan hozirgi murakkab davrda ham ana shu xatarli kasallikka qarshi kurashda bizga kuch va madad bermoqda.
Biz – bugungi minnatdor avlodlar sizlar kabi jasur otalarimiz bilan umrbod faxrlanamiz.
Mana shu hayajonli daqiqalarda sizlarning jang maydonlarida buyuk qahramonlik ko`rsatganingiz, urushdan keyin mamlakatni tiklash va rivojlantirish yo`lida qilgan fidokorona xizmatlaringiz uchun barchamiz bosh egib ta`zim qilamiz.
Oradan yana qancha yillar, asrlar o`tmasin, sizlarning fashizmga qarshi ko`rsatgan matonatingizni xalqimiz hamisha qalbida, xotirasida saqlaydi, bu jasorat yoshlarimiz uchun abadiy ibrat namunasi bo`lib qoladi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Ikkinchi jahon urushi millionlab begunoh insonlarning o`limiga sabab bo`lgan, mislsiz yo`qotish va talafotlarga olib kelgan eng dahshatli qirg`in bo`lganini hammamiz yaxshi bilamiz. Olti yil davom etgan bu qonli urushda o`sha paytda dunyodagi mavjud 73 ta davlatdan 62 tasi, Er yuzi aholisining 80 foizi ishtirok etgani ham bu haqiqatni tasdiqlaydi.
Evropa, Osiyo va Afrika qit`alaridagi 40 ta davlatni bevosita qamrab olgan urush harakatlariga 110 million kishi safarbar etilgani va bu qirg`inda jami 70 million kishi halok bo`lgani har qanday odamni larzaga soladi. Eng ko`p qurbonlar sobiq Ittifoq respublikalari hissasiga to`g`ri kelib, qariyb 27 million kishini tashkil etganini bugun ham ulkan qayg`u va iztirob bilan eslaymiz.
O`zbekiston xalqi butun taraqqiyparvar insoniyat qatorida urushning birinchi kunlaridan boshlab fashizmga qarshi jangga kirdi. Yovuz dushmanni tor-mor etish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdi.
Shu borada ba`zi bir eng muhim, ilgari bizga noma`lum bo`lgan fakt va raqamlarni yana bir bor eslab o`tish o`rinli, deb hisoblayman.
Ma`lumki, 1941 yilda respublikamiz aholisi 6 million 800 mingdan ziyod kishini tashkil etardi. Urush boshlanishi bilan qariyb 2 million yurtdoshimiz frontga otlandi. Har biri tom ma`noda qahramon bo`lgan bu aziz insonlarning 500 mingdan ziyodi shafqatsiz janglarda halok bo`ldi.
Bizbu raqamlarni har yili 9 may – G`alaba bayramida qayta-qayta esga olamiz. Bular shunchaki oddiy raqamlar emas. Ularning zamirida mushtipar onalarimiz, momolarimiz, mard va jasur otalarimiz, butun xalqimiz qalbidagi cheksiz qayg`u va hasrat mujassam.
Bu dardu alamlarni hech qanday raqam, hech qanday so`z bilan ifodalab bo`lmaydi, desak, yanglishmagan bo`lamiz. Nega deganda, 500 mingdan ziyod qurbon – bu 500 mingdan ortiq fojia degani. Bu umr yo`ldoshidan ayrilgan ming-minglab ayollar, ota-onasidan judo bo`lgan millionlab etim bolalar degani. Bu – oradan shuncha yillar o`tsa hamki, xalqimiz yuragidagi bitmagan, hech qachon bitmaydigan mudhish yara, tuganmas nola va armon demakdir.
O`zbekiston xalqi ana shunday og`ir talafotlar ko`rib, buyuk G`alabaga beqiyos hissa qo`shdi. Bu haqiqatni
200 mingdan ziyod askar va ofiserlarimiz jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani ham yaqqol isbotlaydi. Vatandoshlarimizning 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni degan yuksak unvonga, 70 nafardan ortig`i uchala darajadagi “Slava” ordeniga sazovor bo`lganini alohida ta`kidlash lozim.
Insoniyat taqdiri va kelajagi hal bo`layotgan o`sha suronli yillarda O`zbekiston frontning mustahkam ta`minot bazasi bo`lib xizmat qildi.
“Hamma narsa – front uchun, hamma narsa – G`alaba uchun!” degan g`oya el-yurtimizning hayotiy e`tiqodiga aylandi. Xalqimiz tunu kun tinimsiz mehnat qilib, ulkan miqdordagi oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha, dori-darmon zaxiralarini jang maydonlariga uzluksiz etkazib berdi. Bomba va snaryadlar tinimsiz portlab turgan hududlardan 170 ga yaqin zavod va fabrikalar O`zbekistonga evakuasiya qilindi va qisqa muddatda qayta ishga tushirildi.
Urushdan jabr ko`rgan 1 million 500 mingdan ortiq keksalar, ayollar va bolalar respublikamizga ko`chirib keltirildi. Ularning 200 mingdan ziyodi ota-onasidan ayrilgan etim bolalar edi.
El-yurtimiz mudhish urush yillarida o`zining yuksak gumanistik fazilatlarini namoyon etdi. O`zbekistonga olib kelingan turli millatga mansub ming-minglab insonlarga boshpana berdi, mehr-shafqat, odamiylik ko`rsatib, eng so`nggi nonini ham ular bilan baham ko`rdi. “Toshkent – non shahri”, “O`zbekiston – mehr mamlakati” ekanini amalda yana bir bor isbotladi.
Xalqimizning bunday ulkan jasorati, olijanobligi butun dunyoda hurmat-ehtiromga sazovor bo`ldi. Va bu bilan biz har qancha faxrlansak, g`ururlansak arziydi.
Muhtaram vatandoshlar!
Sizlarga ma`lumki, keyingi yillarda xalqimizning buyuk G`alabaga qo`shgan ulkan hissasini har tomonlama o`rganish va targ`ib etish bo`yicha yurtimizda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada ilgari yopiq bo`lgan arxiv hujjatlari ochilgani, sobiq Ittifoq respublikalari va chet eldagi arxiv tashkilotlari, muzey va fondlar, olim va mutaxassislar, keng jamoatchilik bilan hamkorlik kuchaygani muhim ahamiyatga ega bo`lmoqda.
Hozirgi kunda mamlakatimizning Ikkinchi jahon urushi davridagi tarixi yangi ma`lumot va dalillar, noyob hujjatlar bilan boyib bormoqda. Mavzuga oid yangi-yangi ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlar, kinofilm va albomlar, ko`plab kartina va haykallar yaratilmoqda.
Ta`lim maskanlari va mahalla idoralarida ushbu yo`nalishda tashkil etilgan stend va ko`rgazmalarda jangchi ota-bobolarimizning o`lmas siymolari, ular haqidagi muhim tarixiy ma`lumotlar aks ettirilmoqda. Biz bu ishlarni yanada keng ko`lamda, faol davom ettirishimiz zarur.
Bugun urush yillarida besh azamat o`g`lidan judo bo`lgan Zulfiya Zokirova va uning oilasiga o`rnatilgan yodgorlik poyiga gulchambar qo`yib, hurmat bajo keltirdik. Bu matonatli inson timsolida barcha O`zbekiston onalariga yuksak hurmat-ehtiromimizni izhor etdik.
Ishonchim komilki, ana shunday fidoyi onalarimiz – sevgan yori va farzandlariga, oilasi va yurtiga sodiq ayollarimizning jasorati yosh o`g`il-qizlarimiz uchun Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat, sabr-matonat timsoli bo`lib xizmat qiladi. Shuning uchun ushbu majmuadagi har bir yodgorlikning ma`no-mazmuni va falsafasini, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbi va ongiga singdirishga alohida e`tibor qaratishimiz lozim. G`alaba bog`i faoliyatini tashkil etish haqida o`tgan yili qabul qilingan Prezident qaroriga muvofiq, bu borada e`tiborga loyiq ishlar amalga oshirilmoqda.
Albatta, ularning barchasi haqida so`zlash uchun ko`p vaqt kerak. Men faqat eng muhim ishlar haqida qisqacha to`xtalib o`tmoqchiman.
Avvalo, G`alaba bog`i yodgorlik majmuasini harbiy tariximiz, urush va mehnat fronti qatnashchilari jasoratini o`rganish bo`yicha ilmiy markazga aylantirish harakati boshlandi. Shu maqsadda tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan majmuaning elektron platformasi, onlayn dasturlar yaratildi va ularning faoliyati yo`lga qo`yildi. Majmuaning veb-sayti takomillashtirildi. Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan 2 millionga yaqin vatandoshlarimizning to`liq ro`yxatini shakllantirish va shu asosda “Vatan fidoyilari” xotira kitobini tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
O`tgan qisqa davrda, karantin sharoitiga qaramasdan, G`alaba bog`iga 350 mingga yaqin yurtdoshlarimiz va chet ellik mehmonlar tashrif buyurdi. Ularning orasida o`quvchi va talaba yoshlar, muhtaram nuroniylar, harbiy xizmatchilar, Hamdo`stlik davlatlari va boshqa chet el fuqarolari, yuqori martabali xorijiy delegasiyalar a`zolari borligi ayniqsa e`tiborga sazovor.
Bu erga tashrif buyurgan odamlarning O`zbekistonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xotirasiga ko`rsatilayotgan ulkan hurmat-e`tibor haqida bildirgan samimiy fikrlari, yuksak baholari, o`ylaymanki, hech kimni befarq qoldirmaydi.
G`alaba bog`i qisqa muddatda tabarruk ziyoratgohga, turli uchrashuvlar, ma`naviy-ma`rifiy, harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tadbirlar muntazam o`tkaziladigan qutlug` maskanga aylanib qolgani barchamizni quvontiradi. Ayniqsa, 300 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etgan “Shon-sharaf” harbiy festivali, yosh ijodkorlarning urush mavzusidagi ko`rgazmalari, ko`rik-tanlovlar ko`pchilikda katta taassurot qoldirdi.
Bugungi kunda majmua tarkibida faoliyat ko`rsatayotgan “Shon-sharaf” davlat muzeyida 12,5 mingga yaqin eksponat to`plangan bo`lib, ularning soni tobora ortib bormoqda.
Bu haqda gapirganda, o`tgan yili nashr etilgan “O`zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan g`alabaga qo`shgan hissasi” kitob-albomini tilga olish o`rinlidir. Bu yilgi bayram arafasida uning uzviy davomi bo`lgan “O`zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” va “G`alaba bog`i falsafasi” nomli kitob-albomlar chop etilganini alohida qayd etish lozim. Ushbu nashrlarda xalqimizning urush yillaridagi qahramonligi haqida ilgari bizga noma`lum bo`lgan ko`plab yangi ma`lumotlar keltirilgan.
Shu borada birgina misolga e`tiboringizni qaratmoqchiman.
Ma`lumki, taniqli sahna ustasi Ma`suma Qorieva urushdan oldingi yillarda sobiq Hamza teatrining etakchi artistlaridan biri bo`lgan. Uning qaynotasi – jadidchilik harakatining taniqli namoyandasi Abduvohid qori, qayin ukasi – iste`dodli shoir Oltoy Qoriev, turmush o`rtog`i – Madaniyat vazirligi san`at boshqarmasining boshlig`i Bosit Qoriev 30-yillarda nohaq siyosiy qatag`onga uchraydi. Qaynotasi va eri o`lim jazosiga hukm qilinadi.
Yurtga yov bostirib kelgan og`ir kunlarda Ma`suma Qorieva o`z boshiga tushgan fojiani unutib, ikki farzandi – Shavkat va Botir Qorievlarni fashizmga qarshi jangga yuboradi. O`zi esa hozirgi O`zbek milliy teatrida kasaba uyushmasiga rahbarlik qilib, g`oyat og`ir davrda xodimlarni moddiy ta`minlash uchun jonbozlik ko`rsatadi.
Urush tugaydi, lekin Ma`suma ayaning farzandlaridan darak bo`lmaydi. Mushtipar ona ularning izlarini izlab Moskvaga boradi. U erda ikkala o`g`li ham janglarda halok bo`lganini aniqlaydi.
Ma`lum bo`lishicha, urushda ko`rsatgan jasorati uchun Shavkat Qoriev “Qizil bayroq” ordeni, Botir Qoriev esa “Qizil yulduz” ordeni bilan taqdirlangan ekan. Ming afsuski, Ma`suma Qorieva u paytda bundan bexabar edi. Onaizor farzandlari dog`ini ko`tarolmasdan, 1946 yili Moskvada vafot etadi.
Mana shunday qayg`uli voqealar bilan tanishganda, qahramon ajdodlarimizning o`chmas xotirasi oldidagi qarzimiz va burchimizni yanada chuqur his etamiz. Bugungi tinch, erkin va yorug` kunlarning qadriga etish kerakligini yana bir bor anglaymiz.
O`ylaymanki, tarixchi olimlarimiz, ijodkor ziyolilarimiz, kinochi va rassomlarimiz G`alaba bog`idagi har bir majmua haqida yangi ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlar yaratib, xalqimizga taqdim etsa, nur ustiga nur bo`lardi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Ikkinchi jahon urushi to`g`risidagi bor haqiqatni aniqlash va xalqimizga etkazish, ajdodlar xotirasini abadiylashtirish bo`yicha hali ko`p ish qilishimiz kerak. Yurtimizdagi har bir qishloq, mahalla va ta`lim muassasasi, davlat va nodavlat tashkilotlar, keng jamoatchiligimiz urush ishtirokchilariga doir materiallarni to`plash va targ`ib etishda yanada faol ishtirok etadilar, deb ishonaman.
Ayniqsa, zamonaviy ilm-fanlarni, xususan, milliy tariximizni katta qiziqish va mehr bilan o`rganayotgan yoshlarimizdan bu borada yangi tashabbus va harakatlarni kutib qolamiz.
Bugungi kunda yurtimizda urush qatnashchilari haqidagi ma`lumotlarning to`liq elektron bazasini yaratishning vaqti-soati keldi. Rossiya, Belarus, Qozog`iston kabi davlatlarning bu boradagi ijobiy tajribasini o`rganib, bunday amaliy ishlarni O`zbekistonda ham tashkil etishimiz lozim.
Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga ikki hafta muddatda Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari haqidagi ma`lumotlarning elektron bazasini yaratish, bu borada maxsus saytlar, Internet resurslarni ko`paytirish haqida qaror loyihasini tayyorlab kiritish topshiriladi.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Hayot qonuniyatiga ko`ra, vaqt o`tishi bilan ko`p narsa unutiladi, esdan chiqadi. Lekin bu yorug` dunyoda ulug` bir haqiqat borki, u hech qachon o`zgarmaydi, hech qachon eskirmaydi. Ya`ni, Vatan va xalq ozodligi, kelgusi avlodlarning baxtu saodati yo`lida mardlik va jasorat ko`rsatgan insonlar xotirasi hamisha barhayot yashaydi.
Shu bois biz uchun urush va mehnat faxriylarining izzat-hurmatini joyiga qo`yish, o`tganlarning xotirasini abadiylashtirish doimo muqaddas vazifa bo`lib qoladi. Bayram munosabati bilan bu borada ko`p ishlar amalga oshirildi. Jumladan, tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar, harbiy qismlar rahbarlari ishtirokida urush va mehnat faxriylari, ularning oila a`zolarini qutlash, tabrik va sovg`alar topshirishga bag`ishlangan marosimlar tantanali vaziyatda o`tkazildi. Yolg`iz yashayotgan urush va mehnat faxriylarining uy-joylari ta`mirlandi va obod qilindi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko`rsatadigan, ularni parvarish qilish bilan shug`ullanadigan patronaj xizmati yo`lga qo`yildi. Ana shunday faxriylarimiz o`z xohish-istaklari asosida respublikamizdagi sanatoriylarda davolanmoqda. Bayram kunlarida barcha shahar va qishloqlarimizda xotira tadbirlari o`tkazilmoqda.
Albatta, xalqimiz ma`naviyatining ajralmas qismi bo`lgan bunday savobli ishlarni biz bundan buyon ham izchil davom ettiramiz.
Qadrli do`stlar!
Bugungi notinch va tahlikali hayotning o`zi Ikkinchi jahon urushining qonli fojialaridan xulosa va saboq chiqarib yashashni butun dunyo xalqlaridan talab etmoqda. Er yuzida tinchlik uchun kurashish, dunyo davlatlari o`rtasida o`zaro do`stlik va hamkorlik aloqalarini kuchaytirish bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Biz yangi O`zbekistonni barpo etish strategiyasini aynan mana shunday tamoyillar asosida amalga oshirmoqdamiz va bu yo`ldan hech qachon ortga qaytmaymiz.
Ayniqsa, bebaho boyligimiz bo`lgan tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo ahillik va totuvlikni asrash, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash hamisha bosh vazifamiz bo`lib qoladi.
Dunyoda va mintaqamizdagi notinch vaziyatni hisobga olgan holda, biz doimo hushyor va sezgir bo`lib yashashimiz, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini oshirib, yoshlarimizni vatanparvarlik va jasorat ruhida tarbiyalashimiz zarur.
Ana shunday g`oyat muhim vazifalarni samarali ado etishda buyuk ajdodlarimiz, muhtaram faxriylarimizning mardligi va shonli an`analari, hech shubhasiz, biz uchun doimo ibrat maktabi bo`lib xizmat qiladi.
Xalqimiz va millatimizning yuksak qadriyat va fazilatlari aynan ana shunday asosda shakllanadi va rivojlanadi.
Qahramon otalaridan o`rnak va namuna olib, ular bilan doimo faxrlanib yashaydigan xalq hech qachon kam bo`lmaydi va o`zining ezgu maqsadlariga albatta etadi.
Qadrli va muhtaram vatandoshlarim!
Siz, azizlarni bugungi qutlug` bayram – Xotira va qadrlash kuni bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Mana shu imkoniyatdan foydalanib, yaqinlashib kelayotgan yana bir ulug` ayyom – muqaddas Ramazon hayiti bilan ham barchangizni samimiy muborakbod etaman.
Xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, baxtu saodat tilayman.
Xalqimiz va butun insoniyat uchun buyuk G`alaba keltirgan barcha jasur jangchilarimizga shon-sharaflar bo`lsin!
Tinchlik va ozodlik yo`lida o`z aziz jonlarini fido etgan qahramonlar xotirasi hamisha barhayot bo`lsin!
Barcha ezgu orzu-niyatlarimiz amalga oshsin!
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo`lsin!
Doimo sog`-salomat bo`ling, azizlarim, qadrdonlarim!