Qashqadaryo viloyatida 2021 yilning o`tgan to`rt oyi davomida tadbirkorlar huquqini poymol qilgan 43 nafar mansabdor salkam 24 million so`m jarimaga tortildi. Bu haqda Biznes-ombudsman devonining Qashqadaryo viloyatida faoliyat ko`rsatuvchi mas`uli Sheroz Shodievga tayanib, «Daryo» xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, 2021 yilning yanvar—may oylarida Biznes-ombudsman devonining Qashqadaryo viloyatida faoliyat yurituvchi xodimlari tadbirkorlik sub`ektlari huquqlarini buzgan 43 nafar mansabdorga nisbatan ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirgan.
«Ma`muriy bayonnomalar asosida mansabdor shaxslardan 23 million 428 ming 500 so`m jarima undirilgan. Tahlillarga ko`ra, viloyatda eng ko`p qonunbuzilish holati soliq idorasi mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan bo`lib, ular bu qilmishi uchun 16 million 656 ming 500 so`m miqdorida jarima to`lagan. Shuningdek, tijorat banklari mansabdorlari tadbirkorlik sub`ektlari murojaatlarini o`z muddatida ko`rib chiqmagani uchun 1 million 159 ming so`m jarimaga tortilgan», — deydi Sheroz Shodiev.
Biznes-ombudsmanning viloyatdagi mas`uliga ko`ra, hududda tadbirkorlar huquqini poymol qilgan hokimlik mansabdorlari ham xatti-harakatiga javob berib, 958 ming so`m jarima to`lagan.






