AsosiyJamiyat

Otabek Sattoriy ishi bo`yicha sud jarayoni nihoyasiga etdi. Bloger 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi

'Otabek Sattoriy ishi bo`yicha sud jarayoni nihoyasiga etdi. Bloger  6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi'ning rasmi

2021 yil 10 may kuni jinoyat ishlari bo`yicha Muzrabot tuman sudida Otabek Sattoriy (1980 yilda Termiz shahrida tug`ilgan, blogerlik faoliyati bilan shug`ullanadi, muqaddam sudlanmagan) ga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga etdi va sud hukmi e`lon qilindi.

Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo`yicha Muzrabot tuman sudi raisi T. Abdiraimov raisligida ko`rib chiqildi.

E`lon qilingan sud hukmiga ko`ra, O. Sattoriy ayblovning jabrlanuvchi N. Narbaevani haqorat qilganligi bo`yicha Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi bilan hamda T. Ko`charov, A. Xudoyqulov va Z. Xursanovga nisbatan takroran tovlamachilik qilganligi bo`yicha Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybsiz deb topilib, ushbu moddalar bilan uning harakatlarida jinoyat tarkibi bo`lmaganligi sababli oqlandi.

O. Sattoriy Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a”, “g” bandlari va 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (engilroq jazo tayinlash) qo`llab, 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-moddasi (jazolarni qo`shishning hisoblash qoidalari) ga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li orqali uzil-kesil 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o`tash belgilandi.

Ashyoviy dalil deb e`tirof etilgan 1 dona “Vivo-X50” rusumli uyali telefon apparati qonuniy egasi L. To`raevga, 1 dona “Redmi 5+” rusumli uyali telefon apparati va 1 dona “Zotac” rusumli kompyuter prosessori qonuniy egasi sudlanuvchi O. Sattoriyga qaytarilishi belgilandi.

Termiz shahridagi xususiy notarial faoliyat bilan shug`ullanuvchi notarius H. Boboqulov tomonidan 2020 yil 2 iyul kuni KSH 032769 SV sonli reestr bilan tasdiqlangan “Termiz Eko Ekspress loyiha” MChJ rahbari T. Shapulatov bilan O. Sattoriy o`rtasida tuzilgan Surxondaryo viloyati, Termiz shahri, “Ma`rifat” mahallasi, Istiqlol ko`chasi, 6-uyda joylashgan 42-raqamli kvartirani O. Sattoriyga sotganligi bo`yicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi haqiqiy emas deb topildi.  

Termiz shahridagi xususiy notarial faoliyat bilan shug`ullanuvchi notarius H. Boboqulov tomonidan 2020 yil 2 iyul kuni KSH 032770 SV sonli reestr bilan tasdiqlangan “Termiz Eko Ekspress loyiha” MChJ rahbari T. Shapulatov bilan O. Sattoriy o`rtasida tuzilgan Surxondaryo viloyati, Termiz shahri, “Ma`rifat” mahallasi, Istiqlol ko`chasi, 6-uyda joylashgan 44-raqamli kvartirani O. Sattoriyga sotganligi bo`yicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi haqiqiy emas deb topildi.  

“Termiz Eko Ekspress loyiha” MChJ rahbari T. Shapulatovdan sudlanuvchi O. Sattoriy foydasiga jami 234 835 000 so`m undirilishi belgilandi.

Ushbu jinoiy ish bo`yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan taraflarga jinoyat oqibatida etkazilgan ma`naviy zararni undirish masalasida tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda fuqarolik ishlari bo`yicha sudga murojaat qilish huquqi mavjudligi hamda sudlanuvchilar va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilishning qonunda belgilangan tartibi va muddati tushuntirildi.

Boshqa yangiliklar