AsosiyJamiyat

#Ramazon-2021. Avval iftorlik qilinadimi yoki shom namozi o`qiladimi?

'#Ramazon-2021. Avval iftorlik qilinadimi yoki shom namozi o`qiladimi?'ning rasmi

Ro`za tutgan kishi og`iz ochish paytida ya`ni iftorlik vaqtida shom namozini o`qimasdan og`iz ochadimi yoki shom namozini o`qib bo`lib keyin og`iz ochiladimi? Ba`zi insonlar shom namozidan oldin desalar, ba`zilari shom namozidan keyin deydilar. Ramazon ro`zasidan boshqa nafl ro`zalaridachi?

Ushbu savolga O`zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay`ati javob berdi:

- Bismillahir Rohmanir Rohim.

Dinimizda iftorlikni tezlashtirishga targ`ib qilingan, og`iz ochishni qasddan Shom namozidan keyinga surish sunnatga xilofdir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odatda avval og`iz ochib, keyin shom namozini ado etar edilar.

عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ : كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يُفْطِرُ عَلَى رُطَبَاتٍ قَبْلَ أَنْ يُصَلِّىَ فَإِنْ لَمْ تَكُنْ رُطَبَاتٌ فَعَلَى تَمَرَاتٍ فَإِنْ لَمْ تَكُنْ حَسَا حَسَوَاتٍ مِنْ مَاءٍ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُد

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz o`qishdan oldin og`zilarini ho`l xurmolar bilan ochardilar...” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Demak, ro`zador shom namozining vaqti kirishi bilan og`zini ochib, chanqog`ini qondirib olgandan keyin shom namozini ado etishga kirishishi maqsadga muvofiq ekan. Iftorni tezlatish afzalligi borasida hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا يَزَالُ النَّاسُ بِخَيْرٍ مَا عَجَّلُوا الْفِطْرَ.

(رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ).

Ya`ni, Sahl ibn Sa`d roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlar og`iz ochishni tezlashtirsalar, yaxshilikda bardavom bo`ladilar”, deganlar. (Imom Buxoriy rivoyati).

Boshqa bir rivoyatda:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "يَقُولُ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ : إنَّ أَحَبَّ عِبَادِي إلَيَّ أَعْجَلُهُمْ فِطْرًا" (رَوَاهُ أَحْمَدُ وَالتِّرْمِذِيُّ) .

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisida Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh azza va jalla shunday dedi: “Bandalarimning menga eng suyuklisi, ularning tezroq og`iz ochganlaridir”, dedilar. (Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyat qilgan).

Ushbu hadislardan kelib chiqib, fuqaholarimiz quyosh botishi bilan namozdan oldin og`iz ochish mustahabdir, deganlar (“Raddul muhtor”). Ushbu hukm barcha farz va nafl ro`zalarning barchasiga tegishlidir. Chunki bu borada vorid bo`lgan hadislar farz ro`zalarga xoslangan emas. Vallohu a`lam.

    Boshqa yangiliklar