1

Boshingizni nimalar og`rityapti?

Salomatlik 03.03.2016, 15:13
Boshingizni nimalar og`rityapti?

«Uning boshi yorilay deganda....» e`tiborni jalb qiluvchi og`riqsizlantiruvchi preparatlar reklamasi shu qadar ommalashganki, bosh og`rig`i kabi jiddiy bezovtalik oddiy so`zga aylanib qolganday. Vaholanki, aynan bosh sohasida yuzaga keluvchi og`riq jiddiy xastaliklardan darak berishi mumkin. Biroq buni ko`pchilik bilmaydi. Xo`sh, siz bosh og`rig`ini tushunasizmi? Qon bosimining oshishi bilan asabiylashish ta`sirida kelib chiqadiganini-chi, farqlay olasizmi? Bugun shu haqida suhbatlashamiz. 

Mavzu yuzasidan oliy toifali shifokor nevrolog Nargiza MALVYaNOVA ma`lumot beradi. 

ShAMOLLAGANDA...

Tana haroratining ko`tarilishi, holsizlik, tumov va yo`tal bilan kuzatilayotgan grippda bosh og`rig`i asosan chakka va ensa sohasida bo`ladi. Bu holatda kasallik muolajasiga diqqat qilinsa, bosh og`rig`i ham engillashadi. 

O`TKIR INFEKSION KASALLIKLARDA...

Peretonit, enterit, gaymorit ham bosh og`riqlari bilan kuzatilishi mumkin. Garchi kasallik qo`zg`atuvchi infeksiya ta`sirida tana harorati ko`tarilishi kerak bo`lsada, ayrim hollarda buning aksi ham bo`lishi mumkin. Shu bois chakka, qosh usti va ko`z atrofi bo`ylab xuruj qilayotgan og`riq jiddiy emasdek tuyuladi. Aslida esa yallig`lanish jarayoni qancha erta aniqlansa, asoratlarning oldini olish mumkin.

QON BOSIMIGA BOG`LIQLIGI....

Qon bosimining ko`tarilishi ensa va boshning orqa tarafida og`riq qo`zg`alishi bilan kuzatiladi. Og`riq xarateri ba`zan keskin ba`zida esa huddi boshingizni kimdir siqayotgandek bo`ladi. Qon bosimining keskin oshishi asabiylashish, ayrim mahsulotlar yoki gipertoniyaga moyillik bo`lganida yuz berishi mumkin. 
Qon bosimining tushib ketishida esa bosh sohasidagi lo`qillagan og`riq, davomli bo`lib, asosan peshonada kuzatiladi. Bu holat uyqusizlik, zo`riqish yoki ayrim preparatlar ta`sirida ham kelib chiqadi. 

MIGREN BO`LSA...

Migren xurujini farqlash qiyin emas. U asosan boshning bir qismi (o`ng yoki chap) da  yuzaga keladi hamda keskin og`riq bilan nomoyon bo`ladi. Tibbiyotda injiq xastalik nomini olgan migren, havo haroratining o`zgarishi, shovqin, yorug`lik nuri, zo`riqish,asabiylashish, kam uxlash va.h omillar sabab paydo bo`ladi. Xastalik xurujida bosh og`rig`idan tashqari ko`ngil aynishi, bosh aylanashi ba`zan ko`z oldining qorong`ilashishi ham kuzatilishi mumkin. 

INSULT XAVF SOLGANIDA...

Kutilmaganda keskin og`riq bilan yuzaga keluvchi bezovtalik, o`tkir, zo`rayuvchan va boshning bir qismida sodir bo`ladi. Ko`p hollarda ko`ngil aynishi, qayt qilish, hushsizlanish, muvozanatning buzilishi, talvasa xurujlari bilan ham kuzatilishi mumkin. Bu kabi o`zgarishlarda zudlik bilan shifokorga murojaat etish yoki tez yordam xizmati bilan bog`lanish  darkor. 

ZO`RIQISh HOLATIDA...

Boshdagi og`riq davomli, butun kalla bo`ylab tarqaluvchi, cho`ziluvchan va og`riqsizlantiruvchi preparatlarga  «taslim» bo`lmaydigan xilidan bo`ladi. Asosan jismoniy va aqliy toliqish, uyqusizlik, surunkali charchoq hamda komyuter qarshisida uzoq muddat o`tirish sabab ham yuzaga keladi. Bezovtalikni engillashtirish uchun organizmning me`yoriy holatini tiklash zarur. Yo`qsa xurujlar qaytalanaveradi. 

JAROHATLAR...

Bosh chayqalishi, turli tashqi jarohatlar asorati havo bosimining o`zgarishi hisobiga og`riq berishi mumkin. Bunda boshdagi og`riq qisqa muddatli ammo o`tkir bo`ladi. Shuningdek, bosh miya faoliyati bilan bog`liq o`zgarishlar, umurtqa pog`onasi xastaliklari tufayli ham og`riq kelib chiqadi. 

ShUNINGDEK...

Uzoq vaqt och yurish (parhezlar), organizmning suvsizlanishi, vitamin va mikroelementlarning etishmasligi, kamharakatlilik, ayrim dori vositalari ham boshdagi og`riqqa sabab bo`ladi. Tibbiyotda allaqachon isbotlangan omillardan yana biri asabiylik. Aynan tez-tez asabiylashadigan insonlarda bosh og`riqlari ko`p kuzatiladi.

SIZNING HARAKATINGIZ...

Odatda barcha muammoning echimini birgina og`riqsizlantiruvchi dori vositasi bilan hal qilamiz. Ammo og`riq «tili» ni tushunmay muolajani boshlash noto`g`ri. Aytaylik, sizda miya qon tomirlari o`tkazuvchanligining buzilishi oqibatida bezovtalik kelib chiqqan. Xuruj sababini bilmay shunchaki og`riqsizlantiruvchi preparat qabul qilasiz. Vaholanki, bu holatda qon aylanishini yaxshilovchi usulga murojaat etish kerak edi. Yoki qon bosimingiz oshganu siz esa yana og`riqsizlantiruvchi dori ichayapsiz. Qon bosimi me`yorlashmagunicha ahvolingiz o`nglanmaydi. Natijada dori ketidan dori ichaverasiz. Oxiyri tomirdan ineksiya yuborishgacha boriladi. 

YoDDA TUTING!

Tez-tez takrorlanayotgan bosh og`riqlarida kuchli ta`sirga ega vositalarni davomli qabul qilish tavsiya etilmaydi. Bu nafaqat miya faoliyati balki jigar sinteziga ham zarardir. Qolaversa, muntazam og`riqsizlantiruvchi vositalarni qabul qilish, organizmning kurashuvchanlik xususiyatini sustlashtirishi yohud o`rganish hissini keltirib chiqarishi mumkin.
 
KIMGA MUROJAAT QILINADI?

Bir haftada 3-4 marta qaytalanuvchi bosh og`rig`i shifokorga murojaat qilish uchun etarli asosdir. Bunda siz nevrolog mutaxassisga uchrashishingiz kerak. Uning ko`rigida bezovtalik turiga ko`ra, qon bosimi darajasi, yurak urish maromi, komyuter tomografiya usullari bajariladi. Tahlil xulosasi bezovtalik nima sababdan kelib chiqayotganini ko`rsatgach, muolajani boshlash mumkin. Bosh og`rig`iga sabab bo`layotgan xastalik holati va darajasiga ko`ra davolash turli muddatlargacha olib boriladi. etadi.  

XURUJ VAQTI MUMKIN EMAS!

  • Spirtli ichimlik ichish, tamaki chekish;
  • Peshonaga muz bo`laklari solingan sochiq qo`yish;
  • Boshni ro`molcha bilan siqib bog`lash;
  • Bitta dori vositasi ta`sir qilmasa, ketidan ikkinchisini qabul qilish.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1