1

Toshkentda homilador ayolga tibbiy yordam ko`rsatmagan tibbiyot xodimlari vazifasidan ozod etildi

Jamiyat 11.05.2021, 22:02
Toshkentda homilador ayolga tibbiy yordam ko`rsatmagan tibbiyot xodimlari vazifasidan ozod etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar 1-son tug`ruq kompleksiga homilador ayolini olib kelgan turmush o`rtog`i tomonidan suratga olingan videomaterial paydo bo`ldi. Unda aytilishicha, homilasi etilib, tug`ruq og`riqlari boshlangan bo`lsa-da, ayolni ushbu tibbiyot muassasasiga qabul qilishmagan hamda unga shoshilinch tibbiy  yordam ko`rsatilmagan.  

Mazkur masala yuzasidan sog`liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibaev tug`ruqqa ixtisoslashgan shahar va respublika tibbiyot  muassasalari bosh vrachlari ishtirokida tezkor yig`ilish o`tkazdi.  Unda sog`liqni saqlash tizimining xalqimiz oldidagi obro`yiga putur etkazishi mumkin bo`lgan bunday salbiy holatlar keskin tanqid qilinib, boshqa uni  takrorlanmasligi bo`yicha qat`iy ogohlantirishlar berildi,  vaziyatga oydinlik kiritilib, aybdorlarga tegishlicha choralar ko`rilishi  ta`kidlandi.

Vaziyat Toshkent shahar sog`liqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan o`rganilib, quyidagilar ma`lum qilindi. Homilador ayol O.S. 2000 yilda tug`ilgan bo`lib, Samarqand viloyati, Ishtixon tumanida doimiy ro`yxatda turib, hozirda Toshkent viloyati Yangiyo`l tumanida istiqomat qiladi.

Dastlabki ma`lumotlarga qaraganda, ushbu voqea tarqalgan xabarlarda aytilganidek, 5 may kuni emas, shu yilning 29 aprel kuni sodir bo`lgan. Shu kuni soat 04:25 da ayolni turmush o`rtog`i X.M. tug`ruq og`riqlaridan shikoyat qilgani uchun Toshkent shahar 1-son tug`ruq kompleksiga olib kelgan. Navbatchi shifokor ayolni ko`rikdan o`tkazib, “Homiladorlik 1, 41-xafta. Tug`ruqning 1-davri latent fazasi” tashxisini qo`ygan.  

Ammo ayolning almashuv varaqasida Yangiyo`l tumani 69-son qishloq shifokorlik punktida ro`yxatda turganini inobatga olib, dislokasiya bo`yicha Yangiyo`l tumani tug`ruq kompleksiga yoki Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasidagi tug`ruq bo`limiga borish tavsiya qilingan.  

Shu kuni soat 5:40 lar atrofida homilador ayol turmush o`rtog`i tomonidan chaqirilgan tez tibbiy yordam mashinasida Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasi tug`ruq bo`limiga olib borilgan va u erda “Homiladorlik 1, 41 xafta. Tug`ruqning 1-davri” tashxisi bilan qabul qilingan. 2021 yil 29 aprel kuni soat 7:40 da og`irligi 3700 gr bo`lgan qiz dunyoga kelgan. Tug`ruqdan keyingi davr asoratsiz o`tgan. Shu yilning 3 may kuni ayol farzandi bilan ahvoli qoniqarli holatda uyiga javob berilgan.

Ushbu vaziyat yuzasidan o`zi mas`ul bo`lgan yo`nalishda shunday salbiy holatlarning oldini olish choralarini ko`rmagani uchun Toshkent shahar Sog`liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig`ining onalik va bolalikni muhofaza qilish hamda reproduktiv salomatlik bo`yicha o`rinbosari R.Haitbaeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.  

Tibbiyot muassasasida ushbu qo`pol holatga yo`l qo`yilgani uchun ushbu tug`ruq kompleksi bosh shifokori R. Alimjanova ham  egallab turgan vazifasidan ozod etildi. Shuningdek, o`z ishiga sovuqqonlik bilan qaragani va homilador ayolga shoshilinch tibbiy yordam ko`rsatmagani uchun qator tibbiyot xodimlariga ham tegishli choralar ko`rildi.  

Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1