1

Taksi xizmati ko`rsatish yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyat turlari ro`yxatiga kiritiladi

Jamiyat 11.05.2021, 22:13
Taksi xizmati ko`rsatish yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyat turlari ro`yxatiga kiritiladi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti «Avtomobil transportida yo`lovchilar tashish faoliyatini tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarorni imzoladi.

Qarorga ko`ra 2021 yil 15 maydan 2022 yil so`nggiga qadar eksperiment tariqasida haydovchidan tashqari to`rtta o`rindiqli engil avtotransportda taksi xizmati ko`rsatish yakka tartibdagi tadbirkorlik (YaTT) faoliyat turlari ro`yxatiga kiritiladi.

YaTT sifatida yo`lovchi tashish faoliyati lisenziya varaqasi asosida amalga oshiriladi. Yakka tartibdagi tashuvchilar:

– 21 yoshga to`lgan va boshqaruvida 10 yildan ortiq bo`lmagan muddatda ekspluatasiya qilinayotgan engil avtomobil bo`lishi;

– transport vositasini texnik xizmat ko`rsatish stansiyalarida har 6 oyda kamida bir marotaba texnik ko`rikdan o`tkazishi;

– “Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimiga ulangan ko`p tarmoqli poliklinikalar, xususiy klinikalarda yoki oilaviy poliklinikalarda oylik tibbiy ko`rikdan o`tishi lozim.

Shuningdek yakka tartibdagi tashuvchilar:

– faoliyati doirasida xodimlarni ishga yollamaydi;

– lisenziya varaqasi uchun yiliga bir marotaba BHMning bir barobari (245 ming so`m) miqdorida davlat boji to`laydi;

– 2021 yil uchun har oylik 150 ming so`m miqdorida qat`iy belgilangan miqdorda soliq to`laydi;

2021 yil 1 sentyabrdan boshlab yakka tartibdagi tashuvchilar faoliyatini faqatgina agregatorlar xizmatidan foydalangan holda amalga oshiradi.

Bunda yakka tartibdagi tashuvchilar:

– avtotransport vositasi tepasiga “TAXI” belgili to`q sariq rangli fonar o`rnatishi;

– to`lovni amalga oshirish, shuningdek bosib o`tilgan yo`lni elektron tarzda qayd etish imkoniyatini beruvchi maxsus ilovali moslamalarga ega bo`lishi lozim.

Davlat soliq qo`mitasi Transport vazirligi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 oktyabrga qadar engil avtotransport vositasida yo`lovchi tashish faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan lisenziyalar, elektron yo`l varaqalari, shuningdek, tibbiy ko`rikdan o`tgan yakka tartibdagi tashuvchilar va texnik ko`rikdan o`tgan transport vositalari to`g`risidagi ma`lumotlarning idoralararo almashinuvi bo`yicha yagona elektron platformani ishga tushiradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1