AsosiyJamiyat

O`z uyi oldida kaltaklangan Miraziz Bozorov tuhmat qilganlikda ayblanmoqda

'O`z uyi oldida kaltaklangan Miraziz Bozorov tuhmat qilganlikda ayblanmoqda'ning rasmi

Bloger Miraziz Bozorovga nisbatan JKning «g`arazgo`ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish»ga oid moddasi bo`yicha ayblov e`lon qilindi. Dastlab jinoyat ishi 110-son umumta`lim o`rta maktabi o`qituvchilarining jamoaviy arizasi asosida ochilgandi. Endi jabrlanuvchilar qatorida Bozorov unga qarshi obunachilarini «jazolash»ga chaqirganini ta`kidlagan uch nafar bloger ham bor.

29 apreldan beri uy qamog`ida bo`lgan toshkentlik bloger Miraziz Bozorovga nisbatan «g`arazgo`ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish» bo`yicha ayblov e`lon qilindi, deb «Gazeta.uz»ga uning advokati Sergey Mayorov xabar berdi.

Avvalroq, 1 apreldan 20 aprelga qadar Miraziz Bozorovga nisbatan qonuniy chora ko`rishni talab qilib, fuqarolardan 28 ta ariza, shuningdek, Mirobod tumani 110-son umumta`lim o`rta maktabi o`qituvchilaridan jamoaviy ariza kelib tushgani ma`lum bo`lgan edi.

Bayonotga asosan, bloger internetda joylagan videolarida «ushbu fuqarolarni va ularning qarindoshlarini haqorat qilgani, ularni terroristik tashkilotlar bilan hamkorlikda ayblab tuxmat qilgani, milliy an`analarni oyoq osti qilib, ayollarning sha`niga putur etkazayotgani hamda millatlararo nizo uyg`otgan».

Advokat Sergey Mayorovning ta`kidlashicha, Miraziz Bozorovga «uch nafar bloger» ishi bo`yicha ham qo`shimcha ayblov e`lon qilingan.

«Dastlab 28 aprel kuni u tuhmat qilishda gumon qilinayotgani to`g`risida qaror chiqdi. U gumonlanuvchi maqomida bo`lgan. Arizada faqat 110-maktab o`qituvchilari haqida so`z yuritilgandi. Qonun bo`yicha agar ehtiyot chorasi tayinlangan bo`lsa, 10 kun muddatda ayblov e`lon qilinishi kerak. Shuning uchun 8 may kuni unga nisbatan 110-maktabning o`qituvchilari hamda Bozorovga ta`qib boshlagan uchta blogerning arizasiga binoan tuhmat qilish bo`yicha ayblov e`lon qilindi», — dedi himoyachi.

Miraziz Bozorovning o`zi Telegram-kanalida uchta bloger — Abror Abduazimov (Abror Muxtor Aliy), Shuhrat Musaev va Abusolih Salimov (AbuSolih Fox) nomini aytib o`tgan. Uning qayd etishicha, blogerlar o`z obunachilarini unga qarshi «qo`zg`agan». U, shuningdek, aytilgan blogerlardan biri «o`ldirishga chaqiriq bilan» uning aniq manzilini e`lon qilganini ta`kidlagan. Uning so`zlariga ko`ra, tahdidlar to`g`risida huquqni muhofaza qilish idoralariga qilgan murojaatlariga e`tibor berilmagan.

Miraziz Bozorov 28 mart kuni o`z uyi oldida kaltaklangan. Unda bir necha jarohat va sinishlar qayd etilgan. Shu kuni u anime va K-pop muxlislarini poytaxt markaziga yig`ilishga chaqirgan. Shu vaqtning o`zida u erda LGBT ga qarshi aksiya bo`lib o`tgan. Toshkent markazida LGBT faollariga qarshi namoyish bo`lib o`tgan. O`nlab erkaklar Forumlar saroyi qarshisida yo`lning harakat qismida yurib, «Allohu akbar!» deb takbir aytgan. IIBB 12 kishining qo`lga olingani va Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismining «b,a» bandi (bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bezorilik) bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atilgani haqida xabar bergan.

Keyinroq poytaxt Ichki ishlar boshqarmasi Toshkent markazida ikki fuqaro kaltaklanganini tasdiqlovchi videoni e`lon qildi. Bir guruh erkaklar ko`chadan o`tayotganlarni LGBT tarafdorlari deb qabul qilishgan.

Bloger shifoxadan chiqqach, unga 29 aprel kuni tahminan soat 23:15larda Mirobod tuman sudi tomonidan uy qamog`i ehtiyot chorasi qo`llanilgan edi. Uning advokati Sergey Mayorov esa sud qarori ustidan apellyasiya shikoyatini kiritgan, biroq u qanoatlantirilmagan.

Juma kuni Toshkent shahar IIBB Miraziz Bozorovga tan jarohati etkazishga aloqador bo`lgan gumon qilinuvchining (jabrlanuvchining so`zidan tuzilgan) fotorobotini e`lon qildi va uning asosida mazkur shaxsni aniqlashda fuqarolardan ko`mak so`radi.

Manba: Gazeta.uz

    Boshqa yangiliklar