O`zbekiston muqaddas Ramazon Hayiti – Iyd al-Fitr bayrami munosabati bilan Afg`onistonda uch kunlik sulh e`lon qilinganini olqishlaydi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati bayonotida ma`lum qilindi.
"Umid qilamizki, ushbu muborak kunlarda kurashayotgan taraflat tomonidan o`t ochishning to`xtalishi Afg`onistonda siyosiy tinchlik jarayonini ilgari surish bo`yicha zarur shart-sharoitlarni yaratadi.
O`zbekiston Afg`oniston xalqi bilan do`stlik va yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini kelgusida ham rivojlantirish hamda mustahkamlash, mamlakatda barqaror va uzoq muddatli tinchlikni o`rnatish jarayonini har tomonlama qo`llab-quvvatlash, shuningdek, tinch va farovon Afg`onistonni bunyod etishda keng ko`lamli yordam berishga qat`iy sodiqligini yana bir bor bildiradi", - deyiladi rasmiy xabarda.






