AsosiyJamiyat

Prezident O`zbekiston xalqini Ramazon hayiti bayrami bilan tabrikladi

'Prezident O`zbekiston xalqini Ramazon hayiti bayrami bilan tabrikladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev O`zbekiston xalqini Hayit bayrami bilan tabrikladi:

"Aziz yurtdoshlar!

Yurtimiz mo`min-musulmonlari va butun xalqimizni er yuzidagi islom ummati tomonidan keng nishonlanayotgan ulug` va muborak ayyom – Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

El-yurtimiz uchun insonparvarlik, sabr-qanoat, xayru saxovat va shukronalik timsoli bo`lgan ushbu qutlug` bayram kunlarida barchangizga o`zimning chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Hammamiz guvohi bo`lib turganimizdek, keyingi bir yildan ziyod vaqt davomida butun dunyo mamlakatlari qatori jonajon O`zbekistonimiz ham pandemiya bilan bog`liq murakkab sinovlarni boshidan o`tkazmoqda.

Bunday sharoitda Ramazon oyi va hayit bayramining mohiyatida mujassam bo`lgan mehr-muruvvat, ehtiyojmand toifalarga har tomonlama ko`mak va yordam ko`rsatish, hayot tashvishlari va muammolarini birgalikda, o`zaro elkadosh bo`lib hal etishdek olijanob qadriyatlar ayniqsa muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O`zining milliy urf-odat va an`analariga sodiq, mehnatkash, va saxovatli xalqimiz ana shunday yuksak fazilatlarni yaqqol namoyon etib, muqaddas Ramazon oyini tinchlik va osoyishtalik, o`zaro hurmat va hamjihatlik muhitida o`tkazgani hamda ushbu e`zozli ayyomni katta shodu xurramlik bilan kutib olayotgani unga alohida fayzu shukuh bag`ishlamoqda.

Bugungi kunda keng ko`lamli islohot va tub o`zgarishlar natijasida yangilanib borayotgan yurtimizda xalq bilan muloqot, inson huquq va manfaatlarini, jumladan, vijdon erkinligini ta`minlash davlat siyosati darajasiga ko`tarilib, bu borada ulkan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu haqda so`z yuritganda, xalqimizning boy va qadimiy diniy-ma`naviy merosini tiklash va faol targ`ib etish, buyuk ajdodlarimizning tabarruk qadamjolarini obod qilish bo`yicha olib borilayotgan salmoqli ishlarni alohida ta`kidlash lozim.

Jumladan, Qashqadaryo viloyatida – kalom ilmining atoqli namoyandasi Abu Muin Nasafiy, Namangan viloyatida – tasavvuf ta`limotining yirik vakili Sulton Uvays Qaraniy, Toshkent shahrida Suzuk ota yodgorlik majmualari bunyod etildi. Ko`plab masjidlar, madrasa va diniy obidalar qayta qurilmoqda va ta`mirlanmoqda, poytaxtimizdagi Islom sivilizasiyasi markazi qurilishi jadal davom ettirilmoqda.

Muborak Ramazon oyida yana bir ulkan xayrli ishni boshlaganimiz – buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriyning Samarqand viloyatidagi yodgorlik majmuasini ul zotning musulmon olamidagi beqiyos obro`-e`tibori va nufuziga munosib holda barpo etishga kirishganimiz sizlarga yaxshi ma`lum, albatta.

Milliy tariximizda birinchi marta ko`p jildli “Islom” ensiklopediyasi nashr etila boshlagani ham muqaddas dinimizning asl mazmun va mohiyatini xalqimiz o`rtasida keng targ`ib etish yo`lidagi muhim qadamdir.

Ko`lami va miqyosi tobora kengayib borayotgan bunday amaliy ishlarimiz yangi O`zbekistonni barpo etish, mamlakatimizda Uchinchi renessans poydevorini yaratish, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini oshirishdek ezgu maqsadlarimizga uyg`un va hamohang bo`lib, barcha yurtdoshlarimizni ana shu g`oyalar atrofida yanada birlashtirishga xizmat qilayotgani ayniqsa e`tiborlidir.

Muhtaram do`stlar!

Bugungi shiddatli zamon barcha jabhalar qatori diniy-ma`rifiy sohada ham oldimizga yangi-yangi vazifalarni qo`ymoqda.

Ayniqsa, dunyo miqyosida raqobat tobora keskin va shafqatsiz tus olayotgani, barqarorlikka nisbatan tahdidlar jiddiy tus olayotgani bizni doimo hushyor va ogoh bo`lib yashashga, farzandlarimizni jismoniy va ma`naviy barkamol etib tarbiyalashdek g`oyat mas`uliyatli ishga har qachongidan ham ustuvor ahamiyat berishga da`vat etmoqda.

Zero, islom dini – avvalo, tinchlik va do`stlik, ahillik va birdamlik, bilim va ma`rifat dinidir. Mana shu oliy haqiqatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz lozim.

Bugungi osuda hayotimizning qadriga etish, jamiyatimizda hukm surayotgan turli millatlar va elatlar, diniy konfessiyalar o`rtasidagi bag`rikenglikni, fuqarolar orasidagi o`zaro hurmat, mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash barchamizning asosiy burchimizdir.

Ma`rifatparvar bobomiz Mahmudxo`ja Behbudiyning “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur”, degan so`zlari bugun ham dolzarb ahamiyatga ega.

Binobarin, diniy qadriyatlarimizni, milliy o`zligimizni ulug`lab yashash bilan birga, davr talabi bo`lgan zamonaviy ilm-fan yutuqlari, axborot texnologiyalarini egallashga alohida e`tibor qaratishimiz, yosh avlodimizni umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashimiz kerak.

Hurmatli ulamolarimiz, imom-xatiblarimiz, ota-onalar, ustoz-murabbiylar, muhtaram nuroniylarimiz – keng jamoatchilik yaqin hamkorlikda bu borada yanada faol va samarali ish olib boradilar, deb ishonaman.

Qadrli yurtdoshlar!

Alloh taoloning marhamati yog`iladigan ushbu barokatli va nurafshon kunda sizlarni yana bir bor azizu mukarram Iyd ul-Fitr bilan chin dildan tabriklayman.

Dunyoning uzoq-yaqin mamlakatlari musulmonlarini ham samimiy qutlab, ularga tinchlik, bardavom taraqqiyot va farovonlik yor bo`lishiga tilakdoshman.

Mehnatkash va oqko`ngil xalqimizning mo``tabar mohi Ramazonda qilgan barcha ezgu niyat va duolari ijobat bo`lsin!

Jonajon Vatanimizni, aziz xalqimizni Yaratganning O`zi panohida asrasin!

Ramazon hayiti barchamizga muborak bo`lsin!" - deyiladi davlat rahbari tabrigida.

 

 

    Boshqa yangiliklar